Özbekiston milliy jamoasi boş murabbiyi masalasi hamon mujmal. ÖFA hamon xorijlik (!) murabbiy izlab çarçamayapti, Temur Kapadze Angliya klublarida mehmon böldi.

Qolaymi ayting, ketaymi men?

Esingizda bölsa, avvalroq ÖFA milliy jamoa boş murabbiyligini Paulu Bentu va Yoaxim Lyovga taklif qilib, ulardan rad javobini olgani haqida xabarlar çiqqandi. Bentu Toşkentga keldi ham. Lekin portugaliyalik mutaxassis aftidan şunçaki poytaxtni aylangani kelgan körinadi, bölmasa u bilan şartnoma imzolangani e’lon qilinardi.

Şu kunlarda ÖFA boş murabbiylik taklifi bilan 2006 yilgi jahon çempioni, öşa yilgi «Oltin töp» sohibi Fabiu Kannavaroga ham aloqaga çiqib, rad javobi olgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda Romano ham yozdi. Bu ketişda ÖFAdagilar Kloppdan boşqa hamma bekor yurgan murabbiylarga aloqaga çiqib körişadi çoği.

Bu orada milliy jamoani jahon çempionatiga olib çiqqan murabbiy Temur Kapadze Angliyada öziga xos turne ötkazmoqda. Uning «Mançester Siti» maşğulotiga borgani, «Enfild»da yurgani aks etgan rasmlar tarqaldi. Kapadze bu klublarga şunçaki aylangani borganmi yoki ularning murabbiylaridan biror narsa örganişgami, bilmadim. Lekin Urugvayga qarşi örtoqlik öyiniga milliy jamoani Kapadze olib borişi aniq.

Aytgança, 13 oktyabr Urugvayga qarşi örtoqlik öyinida maydonga tuşamiz. Ya’ni milliy jamoa jahon çempionatiga tayyorgarlikning asosiy qismini boşlamoqda. Lekin hamon bizni tarixdagi ilk mundialga kim olib borişi aniq emas. Vaholanki oldida rasmiy öyini bölmagan biz kabi jamoalar uzoq tanaffusdan foydalanib aniq reja asosida musobaqaga tayyorlanişi kerak. Tarkib şakllangan, çempionatda özini körsatayotgan futbolçilar örtoqlik öyinlarida sinovdan ötkazilaverişi kerak.

Aytaylik, hozir Kapadze kimlarni öynatişini biladi, lekin ÖFAdagilar istayotgan xorijlik (!) kelsa, bu tarkib unga yoqmasligi mumkin. Keyin qaytadan öyinni şakllantiriş uçun vaqt yetadimi yoki «özbekçasiga» taxmin, tavakkal öyin öynab qaytamizmi?

Futbolçilar nega jim?

ÖFA rahbariyati negadir Kapadze bilan jahon çempionatiga borişni istamay, xorijlik murabbiy izlaşga tuşgan deylik. Ammo yetakçi futbolçilar nega bu borada fikrini bildirmayapti? Jurnalistlar bu haqda sörasa, hammasi «Biz hal qilmaymiz, rahbariyat biladi», deb javob bermoqda.

Yigitlar, maydonda siz futbol öynaysiz, rahbariyatning vazifasi siz va murabbiyga qulay şaroit yaratiş, erta-indin jahon çempionatiga boradigan jamoaga kim murabbiylik qilişi masalasini mujmallaştiriş kerak emas. Siz bu borada dangal fikringizni aytişingiz kerak, bir-biringizga emas, muxlislarga. Milliy jamoa öz nomi bilan millatning jamoasi, unga butun xalq muxlislik qiladi. Va mana şu xalqning aksari hozir Kapadzeni qöllamoqda. Ular bu borada futbolçilarning fikrini bilişni istaydi, rahbariyatnikini emas. Şaxsan men yetakçi futbolçilar Kapadzeni qöllab çiqişini kutgandim, lekin aftidan orada biz bilmaydigan nimadir borga öxşaydi.