Jamiyat | 11:00 / 02.06.2020
21447
6 daqiqa o‘qiladi

«Zdes budet park» ishi: Toshkent markazidagi qurilish sud ajrimiga zid ravishda davom etmoqda

Toshkent markazidagi, 2016 yilda istirohat bog‘i uchun ajratib berilgan yerda hozir ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Aholi noroziligi va sud ajrimiga qaramay, qurilish kompaniyasi qurilish ishlarini davom ettirmoqda.

Kun.uz mart oyida Toshkent markazidagi bo‘sh yerda ko‘p qavatli uylar qurilishi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida joylashgan 1,8 gektar maydonda ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangani, ammo aholi vakillari bu yerda istirohat bog‘i bo‘lishini xohlayotgani yoritilgandi.

«SRG Investmens» MChJga berilgan yerda buyurtma asosida «Murad Buildings» va «BI Group» hamkorligida tashkil etilgan «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasini qurmoqda.

Mart oyida Mirobod tumani Salar mahallasi fuqarolari va «NRG» kompaniyasi o‘rtasida Toshkent shahar hokimligida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda «NRG» kompaniyasining hamkori «Murad Buildings» rahbari Murod Nazarov aholining murojaati va talabini ko‘rib chiqishni va ijobiy hal etishni aytib o‘tgan edi.

Sud qurilishni to‘xtatib turish bo‘yicha ajrim chiqargan. Lekin…

1 iyun kuni Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida yashayotgan fuqarolar tahririyatimizga yana murojaat qilib, «NRG» kompaniyasi qurilishni to‘xtatib turish bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman ma’muriy sudining 2020 yil 29 maydagi ajrimini bajarmayotganini, qarshiliklarga qaramay qurilish davom etayotganini ma’lum qilishdi.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Mirobod tumanidagi obektga bordik.

Alisher Niyazov

Murojatchilardan biri Alisher Niyazovning aytishicha, shu yerda yashayotgan ko‘p qavatli uylar ahli Toshkent shahar hokimining 2018 yildagi 1556-sonli qarori asosida «SRG Investmens» MChJ olib borayotgan qurilish ishlarini to‘xtatishni, hokim qarorini esa haqiqiy emas, deb topishni so‘rab, Chilonzor tuman ma’muriy sudiga murojaat qilishgan.

29 may kuni cud ishni ko‘rib chiqqunga qadar hududda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqargan.

Shunga qaramay, «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasining qurilish ishlarini davom ettiryapti.

«NRG» izohi

Oybek Nurmuhammedov

Holat yuzasidan «NRG» kompaniyasi rahbari Oybek Nurmuhammedovdan izoh so‘radik. Uning aytishicha, qurilish ishlari 1 iyunda to‘xtatiladi.

«Birinchidan, buning qo‘shma loyiha ekanini unutmasligimiz kerak.

Ikkinchidan, bu – qurilish. Unda shunday jarayonlar borki, birdan to‘xtatib bo‘lmaydi. Bizga haqiqatan ham shanba kuni (29 may – tahr.) kelishdi. Sud ajrimini ko‘rsatib, qurilishni to‘xtatish kerakligini aytishdi.

Avvalambor, sud ajrimida kompaniyamizning nomi noto‘g‘ri yozilgan ekan. Sud ajrimida «Silk road group investmens» deb yozilgan. Bizning kompaniyamiz nomi – «SRG Investmens».

Qurilishni birdaniga to‘xtatib bo‘lmaydi. MIB xodimiga ham tushuntirdik, 72 soat muhlat berishni so‘radik, chunki qurilishni to‘xtatishning o‘z tartibi bor. MIB xodimlari ham o‘rnatilgan tartibda ariza yozishimiz kerakligini tushuntirishdi. Sud shanba va yakshanba kuni ishlamagani sababli bugun, ya’ni dushanba (1 may – tahr.) kuni olib borib berdik. Bugunga beton ishlarini buyurtma qilib qo‘yganmiz.

Hozir birdan to‘xtatib qo‘ysak, biz bilmaymiz qancha vaqtga to‘xtatishini. Shuning uchun hech bo‘lmasa poydevor qismini quyib qo‘ysak, ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi va ishni to‘xtatib tursak bo‘ladi.

Biz ham vakolatli organlarga o‘zimizning vajlarimizni, ishni birdan to‘xtatib tura olmasligimizni yozib, topshirdik. Hozir MIB xodimlari sud ajrimini bajarmaganimiz uchun bayonnomani rasmiylashtirishmoqda. Biz bunga qarshi emasmiz. Qonunda nima yozilgan bo‘lsa, biz tayyormiz», – deydi biz bilan suhbatda «NRG» kompaniyasi rahbari.

«SRG investmens» kompaniyasi direktoriga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi

Holat yuzasidan MIBning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan sud ajrimini bajarmagani uchun «SRG investmens» kompaniyasi direktori M.A.ga MJtKning 198-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, qurilish olib borilayotgan hudud Vazirlar Mahkamasining 2010 yildagi 322-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar hokimining 2016 yildagi qarori bilan park qurish uchun Madaniyat va sport ishlari boshqarmasiga berilgan.

Lekin ko‘p o‘tmay shahar hokimining bu qarori bekor qilingan, o‘tgan yillar davomida shahar hokimining mazkur yer maydoniga oid bir nechta qarorlari chiqarilgan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid