Vazirlar Mahkamasining “Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanadi.
Belgilanishicha, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari bosqichma-bosqich 2020 yilning 1 iyulidan Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida, 2021 yil 1 yanvardan barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab butun respublika hududida ko‘rsatiladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishda quyidagilar ishtirok etadi:
a) tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) ota-ona va bola haqidagi barcha ma'lumotlarni elektron tibbiy ma'lumotnomani shakllantirish uchun maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga (FHDYo) “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi;
b) FHDYo bo‘limi:
tug‘ilganlik holatini qayd etadi va boshqa davlat xizmatlaridan kompleks tarzda foydalanishni ta'minlaydi;
tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani ariza beruvchiga taqdim etadi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtiradi va xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga “maxsus kod” ko‘rsatilgan SMS xabar yuboradi;
g) tibbiyot muassasalari ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga (ro‘yxatda turmagan taqdirda doimiy yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro‘yxatga qo‘yadi va ariza beruvchiga ro‘yxatga qo‘yilgan poliklinika haqida SMS xabar yuboradi;
d) tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlari bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manzili bo‘yicha “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatga qo‘yadi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS xabar yuboradi;
ye) O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi so‘rovnomada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga bolani navbatga qo‘yadi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS xabar yuboradi.















