Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlari fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi masalalar bo‘yicha munosabatlarini tartibga soladi:

turar joylarga mulk huquqining yuzaga kelishi, o‘zgartirilishi va bekor qilinishi;

uy-joy fondidagi turar joylar va umumiy mulkdan foydalanish;

binolarni turar joylar va noturar joylar toifasiga kiritish;

uy-joy fondini hisobga olish;

turar joylarni saqlash va ta'mirlash;

ko‘p kvartirali uylarni boshqarish;

fuqarolarning uy-joy huquqlariga rioya etilishi va uy-joy fondidan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish.

Uy-joy daxlsizdir. Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa maqsad, hamda sud tartibi va sud qaroriga asoslangan hollardan tashqari, hech kim qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz ushbu uy-joyga kirishga haqli emas.

Qonuniy asoslarga ko‘ra ushbu uyda yashovchilarning roziligisiz uy-joyga kirishga, faqatgina fuqarolar hayoti va/yoki mol-mulkini asrab qolish, avariyaviy holatlar, tabiiy ofat, halokat, ommaviy tartibsizliklar va favqulodda xarakterdagi boshqa hollarda ularning shaxsiy xavfsizligi yoki jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida, shuningdek jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslarni qo‘lga olish, sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyat yoki yuzaga kelgan baxsiz hodisaning sabablarini aniqlash maqsadida qonunda ko‘zda tutilgan holat va tartibda yo‘l qo‘yiladi. 

Hech kim uy-joydan ko‘chirilishi yoki uning uy-joydan foydalanish huquqi, shuningdek kommunal xizmatlardan foydalanish huquqi cheklanishi mumkin emas, toki bu holat ushbu Kodeks, va boshqa qonunlar bilan nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Uy-joy fondi – inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan turar joydan, shu jumladan uylar, kvartiralar, xizmat turar joylari, maxsus uylardan (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylardan) iborat bo‘lgan fond.