So‘nggi 4 yil mobaynida mamlakat «Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52, «Logistika samaradorligi» indeksida – 19, «Doing Business» indeksida – 18 pog‘onaga, IHTTning «Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash» tizimida 6-guruhdan 5-guruhga ko‘tarildi, deb ta'kidlanadi hujjatda.
 
Norma’ning yozishicha, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston o‘rnini quyidagilar orqali yaxshilashdan iborat:

mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni hisobga olish, shuningdek mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish;

davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan NHH va ularning loyihalarini mamlakatimizning o‘rniga ta'siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.
 
Kengashning ishchi organlari – Moliya va Adliya vazirliklari. Ishchi organlar bo‘yicha taqsimlangan ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga qaratilgan ta'sirchan choralar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi hamda ushbu yo‘nalishda tizimli xalqaro hamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat o‘rnatiladi.
 
Ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash – mas'ul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biri. U bo‘yicha eng muhim ko‘rsatkichlar (KPI) belgilandi. Ularga erishish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan quyidagilar ishlab chiqilishi va kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi lozim:

2020 yilning ikkinchi yarmi davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari (bir oy muddatda);

kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlari (har yil 1 dekabrga qadar).