Bu yerda «Liverpul»ning pozitsiyasi, birdaniga qo‘l tormozini tortib yuborgani qiziq, axir kechagina Yurgen va Tim telefonda bir yaxshi gaplashib o‘tirgandilar-ku? Ancha ishonchli manbaga qaraganda, bugungi inqiroz davrida «Liverpul»da birdaniga mablag‘ topilmay qolgan, buni Kloppga ma'lum qilishgan. Va uloq bir yarim yildan beri taqiq tufayli pul sarflamay, ancha pul jamg‘arib qo‘ygan «Chelsi» tomonga ketib qolgan.
Ochig‘i, «Liverpul» faqat shu sabab bilangina Vernerdan voz kechganiga ishonish qiyin. Vernerning «Leypsig» bilan shartnomasi omilkorlik bilan tuzilgan. Unda 15 iyunga qadar istalgan klub uni 60 million yevroga (53 million funt) sotib olishi mumkinligi ko‘rsatilgan, 15 iyundan keyin esa klub bilan muzokaralar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. 60 million yevro - bugungi o‘lchovlarda juda kamtar raqam. Bu pulga so‘nggi yillardagi o‘lchovlarda Gvardiola qanot himoyachisini sotib olmoqda. Inqiroz ta'sir qilgan taqdirda ham, agar Kloppga hujumchi juda kerak bo‘lganida, bemalol Origi, Shakiri kabi bir qator futbolchilardan voz kechish orqali, kerakli summani qisman to‘play olardi ham. Menimcha, gap «Liverpul»ning holatidan ko‘ra, Timoning «Enfild»dagi salohiyati haqida edi, balkim.
Qishda yana bir yosh va umidli yulduz «Manchester Yunayted» emas, «Borussiya»ni tanlaganida, Yurgen Klopp vaziyatni quyidagicha sharhlagandi: «Hamma «MYu»ni ayblayapti, lekin agar biz uringanimizda ham imkoniyat bo‘lmasdi. Holandga ertagayoq asosiy tarkibda o‘ynashi mumkin bo‘lgan top-klub kerak edi. Dortmundda «9» pozitsiyasi vakant turgandi. Shundoq olib, Holandni o‘sha yerga qo‘yishdi».
Umuman olganda, Klopp qisman haq, lekin Holandga hozirgi «MYu»da ham osongina joy topilar, asl muammo butunlay boshqa edi. Gap shundaki, Ole Gunnar Sulsherning murabbiylik qarashlari oldingi chiziqdagi ulkan hujumchi uchun mos emasligini payqash qiyin emas.
Sulsherda bunday hujumchi bor edi - Romelu Lukaku o‘tgan mavsumda u qadar yomon o‘ynamagan, yetarli gollar urgan. Lekin Sulsher uning «Inter»ga o‘tib ketishiga qarshilik qilmadi. Belgiyalik hujumchi aynan uslub uchun qurbon qilingani, Sulsherga ko‘proq boshqa tipdagi - oldingi chiziqdagi har qanday pozitsiyaga tushib keta oladigan hujumchilar yoqadi. Reshford va Marsiyal mahorat bobida bugungi Lukakuga yeta olmas, ammo aynan mana shu xislatlari, kerak bo‘lganda vingerga aylana olishlari bilan ham «Yunayted»ga qadrliroq.
Manchesterga gol uruvchi hujumchi kerak bo‘lib qolganda ham, asosan, qisqa muddatga nomzod qidirilgani, King yoki Igalo kabi arzon variantlar tanlov variantlari bo‘lgani sababi shunda yotadi. Igalo bemalol zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishi mumkin, bu unga ruhiy muammo tug‘dirmaydi, istalgan paytda oldingi chiziqda qo‘shimcha opsiya kerak bo‘lganda tayyor bo‘ladi.

















