10:59 / 08.06.2020
16302

Internetda videosi tarqalgan tonirovka va migalkali Gentra jarima maydoniga qo‘yildi

Ijtimoiy tarmoqlarda oldi oynalarigacha plyonka tortilgan, yorug‘lik ishoralari o‘rnatilgan Gentra rusumli avtomobil videosi tarqaldi. Holatga Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari oydinlik kiritdi.

Ma'lum qilinishicha, avtomobil Yangiyo‘l tumanida to‘xtatilgan.

Haydovchi inspektor bilan suhbatda internetda tarqalgan videoni o‘z akkauntiga joylashtirgani, ammo ayrimlar uni tarqatib yuborganini aytadi.

U, shuningdek, tonirovka uchun ruxsatnomasi yo‘qligi, avtomobil old qismiga yonib-o‘chuvchi ko‘k chiroqlar o‘rnatish mumkin emasligidan xabardorligi va «yoshlik qilgani»ni aytib, uzr so‘ragan.

«Qoidabuzarga nisbatan tegishli tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga kiritildi», – deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda yengil avtomobillarning old oynalarini qoraytirishga ruxsat berilmagan. Orqa oynani ruxsatnomasiz, old yon oynalarni ruxsatnoma asosida cheklanmagan darajada qoraytirish mumkin. Old yon oynalarni esa ruxsatnoma asosida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foiz kam bo‘lmagan darajada qoraytirishga ruxsat berilgan.

MJtKning 126-moddasiga asosan, ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan tegishli ruxsatnomasiz foydalanish BHMning 25 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

127-moddaga asosan esa, tegishli ruxsatsiz transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdorlarga 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima bilan jazolanadi, tovush va (yoki) yoritish qurilmalari musodara qilinadi.

Mavzuga oid
Top