«Maqsadimiz daromad qilish emas - biz targ‘ibotchi kanalmiz»

- Zohid, pandemiya davri «Sport» telekanaliga qanday ta'sir qildi? Karantin davridagi Superligamiz translatsiyasi qanday qiyinchilik yoki o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi?

- Yaxshi savol. Ochig‘ini aytsam, pandemiya davrida translatsiyalar amalga oshirish biz uchun ham sinov bo‘ladi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham barcha sport turlari to‘xtatib qo‘yildi. Sport tadbirlarini translatsiya, yangilik, ko‘rsatuv shaklida ko‘rsatadigan telekanalimiz barcha musobaqalar to‘xtatib qo‘yilgan bir paytda asosan takrorlardan foydalanib, efirlarimizni to‘ldirib turdik.

Superliga davom etishi haqidagi xabar e'lon qilingach, PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbatlashib, chempionatni qay shaklda yoritib borish borasida gaplashdik. Bu borada PFL o‘z bayonnomasini tuzgan. O‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha ehtiyot choralari va talablar aniq belgilangan. Xususan, o‘yinni yoritish jarayonida TV xodimlari, jurnalistlar qanday ishlashi haqida ham aniq ko‘rsatmalar bor. Ammo katta ijodiy jamoa bilan viloyatlarga safarga chiqilganda mehmonxonada qolish bor, viloyatlar orasida qatnovda hududlarning qizil-sariq-yashil tarzda belgilanganini inobatga olsak vaziyat va sharoit qanday bo‘ladi – ochig‘i, boshlab olganimizdan keyin ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda esa biz odatdagidek ishlashga tayyormiz. Umid qilamanki, ko‘ngilsizliklar bo‘lmaydi.

- Aytaylik, «qizil hudud»ga har safar bitta guruhni yuborish ma'qulmi yoki rotatsiya qilib turish kerakmi?

- Bu borada muammo yo‘q. Sababi karantin davrida ham bu turda ishlaydigan xodimlarning faoliyati to‘xtagani yo‘q. Ularning barchalari ehtiyot choralariga qat'iy amal qilib ishlashda davom etishdi.

«Bolajon» kanalida ham futbol ko‘rsatasanmi degan kesatiqlar ham uchrayapti»

- Jonli translatsiyalar bo‘lmagan bir paytda har qancha yaxshi rolik yoki ko‘rsatuvlar tayyorlanmasin xohlaymizmi yo‘qmi telekanalning reyting darajasi tushadi. Aytingchi, Superliga va Bundesligadan tashqari «Sport» telekanali qaysi katta musobaqalarni namoyish etish uchun da'vogar va reytingni oshirish uchun yana nima qilish kerak?

- To‘g‘ri, televideniyada reyting muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo bitta faktorni unutmaslik lozimki, biz davlat telekanalimiz. Biz davlat buyurtmasini bajaradigan telekanal. «Sport» telekanali nizomida aynan ommaviy sportni targ‘ib qilish, bolalar sporti, yoshlarimizning mamlakatimiz va xorijda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini yoritib borish ko‘rsatib o‘tilgan. Ya'ni, sog‘lom hayotni targ‘ib qiladigan targ‘ibotchi kanalmiz. Endi muxlislarda tanlash imkoniyati ham borki, davlat buyurtmasi bilan sportni targ‘ib qiladigan va tijoriy maqsadda ochilgan telekanalning kontentida farq bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan bizning asosiy maqsadimiz daromad qilish emas. Shu bois MTRK rahbariyati ham bizdan katta musobaqalarni yoritib, serdaromad olishni so‘ramaydi, biz qoplasak shuning o‘zi yetarli. Chunki budjetdan katta musobaqalarni sotib olinglar deb pul ajratilmaydi. Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinadigan kontent bu. Biz ham tomoshabinni jalb etish uchun eng qiziqarli narsalarni ko‘rsatishimiz kerak, ammo shu bilan birga yurtimiz sportidagi voqealarni yoritib borishimiz zarur.   Superliga ulardan biri.