Boshqaruvni tubdan isloh etmasdan, ya'ni fuqarolarning o‘ziga ishonchi, irodasini oshirmasdan, quyi pog‘onalardagi muammolarni samarali hal etib bo‘lmaydi. “Mening fikrim” portalida hokimlarni saylash amaliyotiga o‘tish haqidagi petitsiyani 31 mingdan ortiq hamyurtimiz qo‘llab-quvvatlaganini eski xavotir kayfiyatida emas, xursandchilik bilan qabul qilish kerak.
Prezident parlamentga Murojaatnomada shu bilan bog‘liq g‘oyani dadil va aniq aytdi. Ya'ni, jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskoriga aylanishi lozim. Bu g‘oyaga eng to‘g‘ri keladigan tabiiy tashabbuslardan biri hokimlarni saylashdir.
Bu masalada oxirgi paytda ikki xil qarash qayiqni qarama-qarshi ikki tomonga tortayotgandek taassurot paydo bo‘lyapti. Birinchisi yangilik kutayotgan bo‘lsa, ikkinchisi “hali emas, vaqti emas”, deb panada turib maslahatga, tormozga oshiqmoqda. Ikkinchi tomon ochiqcha fikr bildirishdan cho‘chiyotgandek. Ehtimol shuning uchun hokimlarni saylashga o‘tish haqida sog‘lom muloqot yo‘q. Hozir faqat birinchi tomon gapiryapti, xolos.Har qanday tashabbus uzoq vaqt javobsiz qolishi tushkunlikni chuqurlashtirishi mumkin.
Odam umrida ko‘rmagan narsaning foydasi yoki ziyoni haqida to‘g‘ri fikr bildirishi mumkinmi? O‘zbekistonda hech kim hokimlarni saylash qanday bo‘lishini bilmaydi.Bu qanday natijalarga olib kelishi haqida haqiqatga eng yaqin taxminni ham bera olmaydi. Buning nimaligi va qanday bo‘lishini harakatni boshlagandan keyingina bilish mumkin.
Nima uchun tashabbus kutilyapti? Chunki amaldagi tizim o‘sishga, yuksalishga xizmat qilmayapti, borgan sari qotib qolyapti. Shuning uchun hozirgi tartibni saylash tartibidan yaxshiroq deb aytolmaymiz. Aytsak ham ishonch bilan asoslay olmaymiz.
Keyin tushunish qiyin, hokimlarni saylash mavzusidan qochish orqali nimadan saqlanmoqchi bo‘lamiz o‘zi?.. Hukumatning joylarda ta'siri kamayishi, qo‘li qisqarishidanmi?..
Ayrim tumanlarda muammolar kuchayib ketgandan keyin holatni o‘nglash uchun hukumat tomonidan “katta tez yordam” yuborilyapti. Ba'zi hududlarda hokimiyat boshqaruvi degan tushuncha mohiyati kuchsizlanib ketgan bo‘lishi mumkin. Nega“mumkin”, chunki bunday holatlarga tashxis qo‘yadigan tizim hozircha yo‘q.
Ba'zi bir tumanlarda hokimiyat biznesga oid manfaatlar uchun astoydil harakat qiladigan uddaburonlar ahillashgan tijorat tashkilotiga o‘xshab qolmadimi?Hokim(iyat)larning klaster(lar) bilan tortishuvlari ko‘p narsani anglashga yordam berishi mumkin. Hokimiyat manfaatga berilib ketishi yomon oqibatlarga olib keladi.
Joylarda muammolar ko‘paysa, hokimiyat faol, yarataman, ishlayman, deb intilgan odamlarga qonun talab qiladigan darajada sharoit yaratib berish mas'uliyatidan uzoqlashsa, davlatning boshqa idoralari faoliyatiga ta'sir ko‘rsatib, huquqlarga daxl qilsa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin.














