Amalga oshmay qolgan rejalar

Dunyoning ikki eng katta iqtisodiyotga ega davlati – AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushlari tobora halokatli tus olib, yechimi mushkul muammoga aylanmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida ikki davlat o‘rtasida imzolangan birinchi bosqich savdo bitimi umidlarning uchqunlashiga sabab bo‘lgandi. Biroq...

Bitimga ko‘ra, Xitoy ba'zi tovarlarni AQShdan import qilishni ko‘paytirishi, AQSh esa Xitoyning ayrim mahsulotlariga tariflarni pasaytirish bo‘yicha bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi lozim edi. Ushbu kelishuv shartlari amalga oshsa, ikkinchi bosqichga o‘tilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo nizolarini asta-sekin hal qilish ko‘zda tutilgandi. Ammo atigi bir necha oy ichida hatto birinchi bosqichni amalga oshirishning o‘zi qiyin, hatto deyarli imkonsiz ekani ko‘rinib qoldi.

Birinchi bosqich kelishuviga ko‘ra, Xitoy ikki yil ichida AQShdan import qilishni 200 milliard dollarga oshirish majburiyatini olgandi. Ushbu xaridlarning 50 milliard dollarini neft va tabiiy gaz, 32 milliard dollarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 80 milliard dollarga yaqinini esa mashina va jihozlar tashkil qilishi kerak edi. Biroq tomonlarning bu niyatlarini Covid-19 pandemiyasi chippakka chiqardi. Virus dastavval Xitoy, keyin esa butun dunyo iqtisodiyotini falaj holga solib qo‘ydi. Talab va taklif muvozanati buzildi. Bu esa o‘z navbatida AQShning ishlab chiqarishini, Xitoyning esa xarid quvvatini keskin cheklab qo‘ydi.

Ustiga ustak, iqtisodiy nuqtayi nazardan 1-bosqich shartlarini bajarish qiyinlashib borayotgan bir paytda ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy bo‘lmagan masalalarda ham muammolar kelib chiqa boshladi. Munosabatlardagi keskinlik oshib ketdi. AQSh ma'muriyati Xitoyni Covid-19 epidemiyasining dunyoga tarqalishida aybladi. Xitoy esa Vashingtonning ushbu ayblovlariga butun dunyo bo‘ylab diplomatik hujumlar bilan javob berdi.

Shuningdek, Xitoy ma'muriyati tomonidan qabul qilingan Hongkongga qarshi yangi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun hongkongliklarning asosiy huquqlari va erkinliklariga tahdid solishi sababli AQSh tomonidan keskin tanqidlarga uchradi. Hatto mazkur voqea ortidan Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy etish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.

Turgan gapki, mana shunday keskin sharoitda birinchi bosqichni amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi esa tom ma'noda strategik kurashga aylandi. Tabiiyki, ushbu kurashning ulkan iqtisodiy badallari bor, bu badalni esa nafaqat ikki mamlakat, balki butun jahon iqtisodiyoti to‘lashiga to‘g‘ri keladi.