O‘zbekistonda fuqarolarga qulayliklar yaratib berish maqsadida Respublikada epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilgan hududlar o‘rtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etgan holda quyidagi poyezdlar tiklanishiga ruxsat berildi:

  • Toshkent - Buxoro - Toshkent;
  • Toshkent - Termiz - Toshkent;
  • Toshkent - Xiva - Toshkent;
  • Toshkent - Nukus - Toshkent;
  • Andijon - Xiva - Andijon;
  • Andijon - Buxoro - Andijon;
  • Andijon - Termiz - Andijon.

Bunda, Transport vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib poyezdlar qatnov rejasini belgilab boradi.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha sanitariya-epidemiologik talablarga qat'iy rioya etgan holda «Afrosiyob» poyezdlarining qatnovlari yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda avtotransport vositalarida yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi.

  • Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston temir yo‘llari» 23 mart kuni respublika bo‘ylab yo‘lovchi tashish faoliyatini to‘xtatgandi.
  • 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yilgandi.