Bugundan boshlab «yashil» va «sariq» hududlarda kafe va restoranlar, xususiy bog‘chalar, buyum bozorlari qaytadan ochiladi; hududlararo avtobus qatnovlari tiklanadi.

Bundan tashqari, epidemiologik vaziyat barqaror davlatlar bilan aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish boshlanadi.

Uch oylik taqiqdan so‘ng, 15 iyundan O‘zbekiston fuqarolariga o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun xorijga chiqishga ruxsat berildi.

6ta toifadagi fuqarolarga O‘zbekistonni tark etishdan tashqari, vatanga qaytib kirishga ham ruxsat berildi. Jumladan, endi davolanish maqsadida xorijga borib kelish mumkin. Chet elda yaqin qarindoshlari yoki og‘ir kasal qarindosh-urug‘lari bor shaxslarga ham chegaralar ochildi.

Kun.uz 15 iyundan boshlab ruxsat etilgan faoliyat turlari va ularga qo‘yilgan talablarni eslatib o‘tadi.

Umumiy ovqatlanish obektlari (faqat «yashil» va «sariq» hududlarda):

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • faoliyatini 8:00dan 23:00ga qadar tashkil etish;
  • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash;
  • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash talab etiladi.

Xususiy bog‘chalar (faqat «yashil» va «sariq» hududlarda):

  • binolarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash;
  • xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
  • tana harorati 37S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulotlarga kiritmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.

Davlat bog‘chalari 1 avgustdan faoliyat boshlaydi.