O‘zining 576 sahifadan iborat kitobida 71 yoshli Jon Bolton AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatida o‘tkazgan 17 oyi haqida so‘z yuritgan.

U shu bilan birga Donald Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va XXR raisi Si Tszinpindan marhamat kutganini yozgan. Boltonning yozishicha, Tramp Turkiyaning Halkbank banki va Xitoyning ZTE va Huawei kompaniyalariga bosimni kamaytirishni taklif qilgan.

Kitobda ta'kidlanishicha, Donald Tramp Si Tszinpindan AQShning fermerlik shtatlarida saylovda yutib chiqish uchun yordam so‘ragan — Xitoy buning uchun Amerika qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib olishni boshlashi kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, memuarda yozilishicha, XXR raisi Trampga Xitoyda nima uchun konslagerlar qurayotganini aytganida, AQSh prezidenti Si Tszinpinga qurilishni davom ettirishi kerakligini aytgan.

Tramp Buyuk Britaniyada yadro quroli bor-yo‘qligini bilmagan. Venesuelaga bostirib kirish g‘oyasini «qoyilmaqom» deb atagan

Jon Bolton o‘z memuarlarida AQSh prezidentini tentakdek ko‘rsatadi, deb yozadi The Hill nashri. Sobiq maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Tramp hammaga ma'lum bo‘lgan ko‘plab faktlarni, masalan, Buyuk Britaniyada yadro quroli bor-yo‘qligini bilmaydi. Bundan tashqari, u Finlyandiya Rossiya tarkibidami-yo‘qmi, deb so‘ragan.

2018 yil avgustdagi uchrashuvlardan birida, deb yozadi Bolton, Tramp Venesuelaga bostirib kirish g‘oyasini «qoyilmaqom» deb atagan va bu mamlakat haqida xuddi AQShning bir qismidek fikr bildirgan. Sobiq maslahatchining ta'kidlashicha, prezident juda ko‘p yolg‘on yoki xato gaplarni gapiradi.

Bolton razvedka jamiyatining prezident ishtirokidagi brifinglarini vaqtni behuda o‘tkazish deb ataydi, «chunki brifinglarda asosan Tramp gapirgan, ma'ruzachilarni esa eshitmagan».

Bundan tashqari, Boltonning ta'kidlashicha, Tramp o‘z ma'muriyati a'zolarini bir-biriga gijgijlashni yoqtiradi. Bir kuni prezident unga sobiq davlat kotibi Reks Tillerson AQShning BMTdagi sobiq vakili Nikki Heyli haqida uyatsiz gap gapirganini aytgan. Keyinroq Bolton bu gapni aslida Tramp aytganini bilgan.

Tramp Pompeodan Kim Chen Inga «Rocket Man» diskini berib qo‘yishni so‘ragan. Pompeo Trampni «laqma» deb atagan

Boltonning so‘zlariga ko‘ra, hattoki Oq uyning asosiy xodimlari ham prezidentni yomon ko‘rishadi. Singapurda 2018 yil iyunda Donald Trampning KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan birinchi uchrashuvi vaqtida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Boltonga prezident haqida «U shunday laqmaki» deb yozilgan qog‘ozni uzatgan. Oradan bir oy o‘tgach, Pompeo Trampning Pxenyan bo‘yicha takliflarini rad etgan.