Onalik bebaho ne'mat. Har bir ayol shirin-shakar farzandlarni dunyoga keltirishni, ularga baxt berishni xohlaydi. Kimgadir bu nasib qilgan, yana kimlardir tirnoqqa zor. Samarqandning olis qishloqlaridan birida yashovchi Mehriniso Bahromova ham barcha ayollarga o‘xshab sog‘lom farzand dunyoga keltirishni xohlaydi. Ammo bu hamma uchun ham oson kechmas ekan. Sochiga oq oralamay farzand dog‘i nima ekanini uch martalab ko‘rgan onaning hikoyasi barchamizni mulohaza qilishga undaydi.

«Yoshim 39 yoshda. Turmush qurganimga 11 yil bo‘ldi. Bir nafar qizim bor. Bu yil maktabga chiqadi. Qizimdan oldin tug‘ilgan uch farzandim bir hafta ham yashamay nobud bo‘lgan. Qonimda torch infeksiyasi bo‘lganligi uchun farzandlarimdan ajralib qolganman. 3 oydan so‘ng yana farzandli bo‘lish arafasidaman. Juda qo‘rqoq bo‘lib qolganman: bunisini ham asrab qololmasam-chi? 7 yoshli qizimga homiladorlik vaqtimda erim bilan to‘liq muolajalarni olib davolanganmiz. Hozirgisini ham sog‘lom dunyoga keltirishim uchun shifokorlar davolanishimni aytishyapti. Ammo...

«To‘yni qaytarmoqchi bo‘lganman»

2009 yil turmush qurdim. Boshida bunga qarshi bo‘lganman. Chunki unashtirilganimdan keyin erimning qo‘lida nuqsoni borligini bilib qoldim. Eshitishimcha, erim bolaligida yong‘oq daraxtiga chiqib, yiqilib tushgan ekan. Shuning asorati tufayli bir qo‘lini mustaqil harakatlantirolmaydi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgach, ota-onamga aytganman. Lekin ular gap-so‘zga qolmaslik uchun to‘yni qaytarishmadi. Shu tariqa to‘yimiz bo‘ldi. Qaynona-qaynotam ancha yillar avval vafot etishgandi. Erim II guruh nogironi, shu sababli og‘ir ishlarni qilolmaydi.

Erimning bu holatiga ham ko‘nika boshladim. Taqdirim shu ekan deb yorug‘ kunlarga ishonch bilan yashadim. 2010 yil o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Afsuski, tug‘ilganidan 3 kun o‘tib nobud bo‘ldi. Shundan keyin Samarqand shahriga borib, skrining markazida qon topshirdim. Menda torch infeksiyasi aniqlandi. Aynan shu bolaning nobud bo‘lishiga olib kelgan ekan. Infeksiya menda qanday paydo bo‘lganini ham bilmayman. Balki... turmush o‘rtog‘imdan yuqqandir, anig‘ini bilmayman. Tekshiruvdan o‘tgach, davolanishim kerakligini aytishdi. Sharoitimiz tufayli davolanishga imkoniyat topolmadik. 2 yildan keyin esa qizli bo‘ldim. Unda ham birinchi farzandimga o‘xshagan alomatlar bor edi. Tuman tug‘ruqxonasida malakali shifokorlar bo‘lmagani uchun qizimni Samarqand shahriga shifokor ko‘rigiga olib bormoqchi bo‘ldik. Yo‘lda ketayotganimizda u ham nobud bo‘ldi...

O‘sha paytda nimalarni his qilganimni tasvirlash juda qiyin. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman bu kunlarni. 2013 yil yana qizli bo‘ldim. Xudoga shukurki, u sog‘lom tug‘ildi. Hozir 7 yoshga kirdi. Bu qizimga homilador bo‘lganimda, ota-onam o‘zlari meni Samarqandda  davolatishdi. Vaqtida muolajalarni oldik. 2015 yil yana farzandli bo‘ldim, bunisi ham avvalgilari kabi yashamadi.