«Liverpul» o‘ttiz yildan keyin, nihoyat chempion bo‘ldi va bu albatta, juda zo‘r, ayniqsa, jamoa muxlislari uchun katta voqelik. Nega aynan muxlislar?
To‘g‘ri, futbolchilar uchun ham Angliyada chempion bo‘lish katta muvaffaqiyat, ayniqsa, «Liverpul» tarkibida, buning ustiga o‘ttiz yil o‘tib g‘olib chiqish ajoyib natija. Ha, ammo bilasizmi, hech bir futbolchi bu g‘alabani o‘ttiz yil kutgani yo‘q. Va hech qaysi futbolchi tanlovsiz qolmaydi, chempion bo‘lish uchun boshqa yo‘llari ham bo‘ladi. Masalan, boshqa jamoaga o‘tib, ham bunga erishish mumkin, to‘g‘rimi? Ha, hamma ham bunday foydalanmaydi, lekin eslasangiz, bu tarkibdan avvalgi buyuk «Liverpul»ning ramzi bo‘mish Luis Suares, «Barselona»ga o‘tdi va hamma sovrinlarni yutdi.
Faqat muxlis o‘ttiz yil kutishi mumkin. Kutib, umid qilib, ishonib... Umuman, har qanday muxlis ham ishonishi mumkin, axir muxlislik bu sevgining bir turi...
O‘ttiz yil o‘ziga xos muddat. Bu davrda bemalol otangizdan qolgan meros sifatida «liverpulchi»ga aylanishga ham ulgurish mumkin. Yoki bolalikdan afsonaviy qandaydir futbolchini yoqtirib qolib, jamoa muxlisi bo‘lib qolish. Ana undan keyin sabr qilish va kutish qoladi. Shuning uchun ham bu avvalo muxlislarning buyuk g‘alabasidir.
Bu g‘alabaning asosiy qahramoni bormi, nima deb o‘ylaysiz? Albatta, bor. Bu – Yurgen Klopp. Gap shundaki, odatda «Liverpul» muvaffaqiyatlarini kimdir bilan bog‘lashga urinsangiz, albatta, bir muammoga duch kelasiz. Bu haqida avval ham, Virjiyl van Deyk haqli ravishda «Oltin to‘p»ga da'vogarlar safidan joy olganida, aytgandim. Agar himoyachilar 1996 yildagi Zammerdan buyon bunday sovrin yutmaganini ham e'tiborga olsak, qiziq, to‘g‘rimi? Ha, o‘rtada Fabio Kannavaroda ham «Oltin to‘p» bor, ammo hammamiz yaxshi eslaymizki, Kannavaro – eng zo‘r o‘yinchi, eng zo‘r himoyachi emas, o‘sha chempion Italiyaning ramzi o‘laroq bunga loyiq ko‘rilgandi. O‘sha turnirda, albatta, eng yaxshi Zidan edi, ammo finaldagi ishidan keyin qanday qilib unga «Oltin to‘p» berish mumkin edi?
Xullas, Virjiyl van Deyk. Ajoyib himoyachi, balki o‘z davrining eng yaxshisi. Ammo yana bir bor shu sovringa da'vogar bo‘la oladigan darajada, tarixdagi eng zo‘rlardan birimi? Albatta, yo‘q. Xo‘p, bu holatda yana kim «Liverpul» nomidan chiqa oladi? Saloh? U esa, yilning eng muhim o‘yinida, «Barselona» ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabada ishtirok etmagandi. Yana kim?
«Liverpul» g‘alabasini bog‘lash kerak bo‘lsa, yagona inson – Yurgen Klopp. Odatda, jamoa yutadi, murabbiy yutqazadi, deymiz, bu holatda esa, teskarisi, aynan Kloppda barchasi o‘z o‘rniga tushadi.
Bugun «Liverpul» muxlislaridan biri eslatdi, Yurgen Klopp Liverpulga ilk kelgan kuni o‘zini «oddiy» sifatida tanitgan (Undan Joze Mourino ilk bor Angliyaga kelganida o‘zini «speyshl uan» deb atagandi, siz o‘zingizni qanday tanitasiz, deb so‘rashganda, «normal uan» deb javob bergan) va bu qisman uning laqabiga aylangandi.















