
Avvalroq yoshlikda o‘rganilgan oshpazlik hunari qo‘l kelib ishli bo‘lganim, keyinroq esa restoran menyusiga spirtli ichimliklar kiritilishi rejalashtirilayotgani sabab ishni tark etganim haqida yozgan edim. Bir muddat davom etgan qiyinchiliklar davridan keyingi voqealar, Allohga shukr, juda ijobiy bo‘ldi.
Birinchi ishchi

Hozir men ishlayotgan halol oziq-ovqat do‘koniga meni taklif qilishmagan. Do‘kon boshlig‘i bilan suhbatlashganimda, biroz qiziqish bildirganini sezgandim. Tavakkal qilib, ryukzakni ko‘targan holda, uyushtirilmagan «job interview» uchun boshqa shaharga chiqib ketavergandim o‘shanda.
Oydinlashdiki, do‘kon ishini asoschilarning o‘zi bajarar ekan. Qo‘shimcha yordamchi olinmagan. Ayrim sabablarga ko‘ra, boshlanishiga oylik-maosh ham shart emas, turar joy va yeb-ichish masalalarini hal eta olsam, ma'lum muddat, ish o‘rganib olguncha ishlab turishga ham rozi edim. (Lekin haq to‘langan).
Xullas, kompaniyaga yollangan ilk xodim ishni sotuvchilik va go‘sht kesishdan boshladi.


Bu yerda asosan Avstraliyadan keltirilgan halol va muzlatilgan go‘shtlar sotiladi. Ularni sotuvga tayyorlash uchun maxsus uskunadan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Xavfsiz deya olmayman.
Eski tajribalar, yangi yo‘nalish

O‘zimni yaxshi jurnalist deb hisoblamasam-da, Kun.uz'dagi faoliyatim davomida olgan ko‘nikmalarim ish jarayonida yordam berdi. Harqalay, qog‘oz qoralash, foto va videolar ustida ishlash qo‘ldan kelib qolgan ekan, ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotlar reklamasini asosiy ishga qo‘shimcha ravishda olib bordik.























