Dastavval, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati borasida bizni qiziqtirgan savollar bilan akademiya rahbari, general-leytenant Bahodir Ahmedovich Matlyubovga yuzlandik. Quyida ushbu suhbatning mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.
Qabul jarayoni, bu yilgi o‘zgarishlar haqida
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi tizim uchun kadrlar yetkazib beruvchi yagona o‘quv yurti hisoblanadi. Akademiyada qabul masalasi oxirgi 10 yil ichida bir necha marotaba o‘zgardi. 2004 yilgacha qabul ikki bosqichda amalga oshirilar edi. Birinchisi: tibbiy ko‘rik, jismoniy imtihon va yozma ish; Ikkinchisi: shu tekshiruvlardan o‘tganlar keyin imtihon topshirishar va kimning ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa qabul qilinar edi. Oxirgi yillarda esa, ikkinchi bosqich suhbat tarzida o‘tadigan imtihonga o‘zgartirildi. Uch yil oldin eng ko‘p, 20 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan edi. O‘shanda, akademiya jamoasiga juda qiyin bo‘lgan, chunki kvota soni 600 kishi edi. Bundan tashqari, oxirgi yillarda qizlarning ham o‘rnini ko‘paytirish maqsadida 5 foizlik kvotani 10 foizga ko‘paytirdik.

Karantin bois qabuldagi o‘zgarishlar haqida
15 martdan karantin choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, abituriyentlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi boshqacha bo‘ldi. Ya'ni gigiyena qoidalari, karantin talablariga rioya qilingan holda o‘tkazildi. Bundan tashqari, prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan endilikda Ichki ishlar akademiyasiga faqatgina akademik litsey bitiruvchilari qabul qilinishi kerak. Imtihon olish joyiga ham o‘zgartirish kiritildi. Imtihonlar har bir akademik litsey hududida olinadigan bo‘ldi. Sababi litsey hududida imtihon uchun zarur bo‘lgan barcha jihozlar bor. Abituriyentlar litseyga olib kelinadi. Ular uchun yotoqxonalar, oziq-ovqatlar, o‘qish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Keyin imtihonlar bosqichma-bosqich olinadi. Imtihon olishda ushbu soha mutahassislari jalb qilinadi. Ya'ni jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, tarixdan imtihon bo‘lsa tarix o‘qituvchisi va shu tariqa. Bu o‘qituvchilar birga o‘tirib, maslahatlashib umumiy ballni qo‘yadi.
Imtihon jarayonlari qayd etiladi
Oxirgi 4 yildan beri hamma joyga kameralar o‘rnatilgan, imtihonlar ovozlari bilan yozib olinadi. Apellyatsiyaga berilganida isboti bilan ko‘rsatiladi. O‘zR IVV akademiyasi o‘quv jarayonini monitoring qilish markazi ikkita asosiy maqsadni ko‘zlab tashkil qilingan. Bular: kursantlarning o‘qishga bo‘lgan tayyorgarligi va ishtiroki, keyingisi professor o‘qituvchilarning darslarni tashkil etishini monitoring qilish uchun.

















