Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yangi tahrirda e'lon qilindi.
Rieltorlik faoliyati - bu yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bog‘liq xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatidir.
Ko‘chmas mulk bozorida ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bilan bog‘liq bo‘lgan rieltorlik tashkilotlari faoliyati yagona elektron multilisting tizimida (YaEMT) amalga oshiriladi.
Rieltorlik tashkilotlarining YaEMTga kirishi rieltorlarning jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lish orqali ta'minlanadi.
Jamoat birlashmasiga a'zolik a'zolik to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Rieltorlarning jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lishi YaEMTda faoliyatni amalga oshirish uchun majburiy sharti hisoblanadi.
Rieltorlik tashkiloti tijorat tashkilotidir.
Rieltorlik tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida ikki nafar xodim, shu jumladan rieltorlik tashkilotining rahbari bo‘lishi kerak.
Rieltorlik tashkiloti YaEMTda ko‘zda tutilgan faoliyat turlarini faqat unga berilgan reyting asosida amalga oshirishi mumkin.
Rieltorlik tashkiloti rieltorlik faoliyatidan tashqari boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish huquqiga ega emas.
Rieltorlik tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Rieltorlik tashkiloti o‘z faoliyatini rieltorlik tashkilotining ustav kapitali miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiradi.
Rieltor malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir.
Rieltor mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida faqat bitta rieltorlik tashkiloti bilan ishlashi mumkin.
Rieltor qonunchilikka muvofiq rieltorlik tashkiloti oldida sifatsiz rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish, tijorat sirlarini oshkor etish va rieltorlik tashkilotiga zarar yetkazadigan boshqa harakatlar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgardir.














