Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida tibbiyot klinikasi qurilishi boshlandi. Yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi bundan qattiq norozi bo‘lib, qurilish to‘xtatilishini talab qilishmoqda. Bu haqdagi shikoyatlar shahar prokuraturasi va boshqa tashkilotlarga taqdim qilingan.
Urganch shahri hokimining 2020 yil 9 martdagi qaroriga asosan, tadbirkor Oybek Abdullayevga «Temiryo‘lchi» mahallasi hududining Xonqa ko‘chasi tomonidan «Tibbiyot klinika» qurish uchun 600 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanishga ajratib berilgan.
Bu hudud Xonqa ko‘chasi va Al-Xorazmiy ko‘chasi tutashgan joyda yonma-yon turgan 2 qavatli 2ta uy o‘rtasidagi avtomobillar turar joyiga to‘g‘ri keladi.
Yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mart oyida chiqqan bo‘lsa-da, mahalla aholisi bu haqda iyun oyida, qurilish ishlari boshlanganida xabar topgan. Bu holat odamlarni taajjubga solgan.

«Temiryo‘lchi» mahallasi aholisi avtomobillar turar joyi o‘rnida hech qanday ogohlantirishsiz tibbiyot klinikasi qurilishi uchun ruxsat berilganidan qattiq norozi bo‘lib turishibdi. Odamlar shaxsiy avtomobillarini qo‘yish uchun joy qolmasligi, qurilish natijasida atrofdagi 70 yil oldin qurilgan uylarga jiddiy talafot yetishi, qurilish texnikasi aholining mulki va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi, bundan tashqari, tibbiyot klinikasi faoliyati aholi salomatligiga xavf solishi mumkinligidan jiddiy xavotirga tushishgan. Ular deyarli har kuni shu holatni muhokama qilishmoqda.
Qurilishni boshlab qo‘ygan tadbirkor Oybek Abdullayev bu joyda yerto‘lali, 2 qavatli bino barpo etilishi rejalashtirilayotgani va buning uchun barcha hujjatlar rasmiylashtirilgani, ruxsatnomalar olingani haqida ma'lumot berdi.
Ammo «Temiryo‘lchi» mahallasi aholisiga qurilish loyihasi, binoning ko‘rinishi qanday bo‘lishi, ruxsatnomalar haqida to‘liq ma'lumot berilmayapti. Bu esa odamlar orasida turli mish-mishlar tarqalishiga, xavotir oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Urganch shahar hokimligidan «Temiryo‘lchi» mahallasi hududida tibbiyot klinikasi qurish uchun hujjatlar qanday rasmiylashtirilgani bo‘yicha izoh olishga bo‘lgan urinishlar samarasiz ketdi. Hokimlik vakili muammo nimadaligini bilgach, qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi. Hokimlik binosiga esa karantin tufayli kirishning iloji bo‘lmadi.












