Shu yilning 22 yanvaridan Farg‘ona viloyat IIBga Doniyor Toshxo‘jayev boshliq etib tayinlangandi. Poytaxtdagi jurnalistlar uni matbuot anjumanlaridan juda yaxshi tanishadi. Unga istalgan savolni berish va to‘g‘ridan to‘g‘ri javob olish mumkin edi, deb yozadi u bilan Farg‘onada intervyu uyushtirgan Insider.uz Telegram kanali.

Ish yuklamasi ko‘pligi, vaqti tig‘izligiga qaramasdan Doniyor Baxtiyorovich biz bilan uchrashish uchun fursat ajratdi. Albatta, bir muddat kutib qoldik, rahbarning hayoti shunaqa, bir uchrashuvga bora turib, yo‘l-yo‘lakay boshqalariga ham duch keladi.
— Sizning Farg‘onaga tayinlanganingiz xuddi surgunga o‘xshagan edi. Nima bo‘lgandi?
— Yo‘q, bu surgun emas, — kulib javob berdi Doniyor Baxtiyorovich. — Kadrlar rotatsiyasi. Meni qayerga jo‘natishmasin, oddiy tergovchi sifatida bo‘lsa ham ishlab beraman. Farg‘onaga kelganimda bu naqadar zamonaviy shahar ekanligini ko‘rganimdan so‘ng taajjublangan va quvongan edim. Odamlari ham o‘qimishli, aqlli, ishchan, xushmuomala, hattoki bolalarini ham «siz»lashar ekan. Men bu shaharga bolalagimda otam bilan kelgan edim, endi o‘zim uchun Farg‘onani qaytadan kashf etdim. Biz bu yerga Toshkentdan ko‘plab g‘oyalarni olib kelganmiz, avgust oyida 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilinganida inson omili nolga teng bo‘lgan, javob berish mobil tarzda, xodimlar real vaqt rejimida qayerdan qo‘ng‘iroq bo‘layotgani-yu, kim o‘sha joyga eng yaqin bo‘lsa yetib boruvchi tizimni taqdim etamiz. Bu haqda uni ishga tushirganimizdan so‘ng batafsil gaplashamiz.

Jinoyatchilik darajasi esa chindan ham oshgan. Yangi boshliq va uning jamoasi eng kichik jinoyat, hattoki mobil telefon o‘g‘irlanishi ham qayd etilishi prinitsipi bilan ish ko‘rishmoqda.
— Kimlardir uchun bu katta ko‘ngilsizlik bo‘ldi. Biz garchi statistika oqsay boshlasa ham har qanday signal qayd etilishiga erishdik. Ammo real manzaraga ega bo‘lamiz. Eng asosiysi — odamlar ularni katta va kichik muammolari e'tiborsiz qolmasligini bilishadi.
Masalan, Oltiariqda vahshiyona voqea ro‘y bergan. Sobiq er sobiq xotiniga mulozamat qilib, SMSlar jo‘natgan, xullas, juvonni bezovta qila boshlagan. Uning allaqachon boshqa turmushidan ikki farzandi bor, lekin ayrim erkaklar ularning xushomadi ayollar e'tiborini jalb qiladi, deb o‘ylashadi. Ayol undan charchab, eriga hammasini aytib beradi. Boyagi yigit izzat-nafsli ekan, madaniyat bilan, tinchgina gaplashib olish uchun boradi. «Agar o‘rtalaringda ilgari qandaydir his-tuyg‘ular bo‘lgan bo‘lsa ham, shu ondan unutaylik, mening oilamni boshqa bezovta qilma», deydi.





