Bunday noyob voqelik, qahramon ona va uning to‘rtala chaqalog‘i ham sog‘lomligi, bolalarning barchasi o‘g‘il ekani haqidagi xushxabar jamoatchilik tomonidan hayrat va quvonch bilan kutib olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaga moddiy ko‘mak berish bo‘yicha tashabbuslar ham bildirilmoqda.
Birvarakayiga to‘rt o‘g‘illi bo‘lgan ota-ona farzandlariga Abdulloh, Abdurahmon, Abdurazzoq va Abduvosit deb ism qo‘ygan.
Biz chaqaloqlar holidan xabar olish va baxtiyor ota bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati perinatal markaziga bordik.
Guvohi bo‘ldikki, egizaklar va ularning onasi Madinaxon Ikromovaning ahvoli yaxshi, ular shifokorlar nazoratida bo‘lib turishibdi. Chaqaloqlarni parvarishlash jarayonida bevosita onaning o‘zi ham ishtirok etyapti.



«1 iyul kuni homilador ayol Madinaxon Ikramova perenatal markazimizda 4 nafar egizakni dunyoga keltirdi. Chaqaloqlarning barchasi o‘g‘il bo‘lib, tug‘ilganida 1-bolaning vazni 902 gramm, 2-bola 1360 gramm, 3-bola 1701 gramm, 4-bola esa 1400 grammni tashkil etdi.


Hozirda to‘rt egizak «chaqaloqlar reanimatsiyasi» bo‘limida barcha kerakli muolajalarni olishyapti. Ularning holatlari dinamikada yaxshi tomonga o‘zgarishlar bilan stabillikda. Chaqaloqlar sun'iy ozuqlantirilyapti va shu bilan birgalikda ularga ona suti zond orqali berilmoqda», – deydi shifokor Nargiza Ikromova.


Baxtiyor ota – Bahodirjon Hozirov bilan suhbatimizda bugun yuragidan kechayotgan tuyg‘ulari va kasbi-kori bilan qiziqdik.
















