Kun.uz'da intervyuning navbatdagi mehmoni yoshligidan mashhurlikka erishgan va hamon yuqori saviyada futbol o‘ynab kelayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi va BAAning «Sharja» klubi futbolchisi Otabek Shukurov. Qanday futbolga kirib kelgani, mamlakat sharafini himoya qilgan o‘yinlar, chempionlik sovrinini ko‘targandagi hissiyot, futboldagi qiyinchiliklar – bularning barchasi haqida Otabekning o‘zidan eshitsak.

«Qishloqdan Toshkentga qanday borasan, deyishgan...»

«Men Otabek Shukurov. 1996 yil Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilganman. Ilk mashg‘ulotlarimni Islom Mavlonov murabbiyligida Chiroqchidagi markaziy stadionda o‘tkazganman. 9 yoshimgacha Chiroqchida shug‘ullandim. Keyinchalik Qarshi shahri futbol maktabining imtihonidan o‘tib, u yerda shug‘ullana boshladim. Futbolga qiziqishimning asosiy sababchisi – dadam. U kishi futbolga juda qiziqadilar.

Oilada 4 farzandmiz. Dadam Murodov G‘ayrat 1963 yil tug‘ilgan. Paxta zavodida ishlaganlar. Onam Boboqulova Rohila boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi. Oilada bir qiz, uch o‘g‘ilmiz, dadam biror o‘g‘limni futbolchi qilaman deb niyat qilganlar. Dadamning o‘zlari ham futbolchi bo‘lishni, «Paxtakor»da o‘ynashni orzu qilganlar. Ammo buvam qishloqdan Toshkentga qanday borasan, deb unamaganlar. Shu sabab dadam bizni futbolga o‘zi olib borgan.

Qarshi futbol maktabida Umar Ubaydullayev murabbiyligida 4 yil shug‘ullandim. To‘g‘risi, o‘shanda futbol maktabida sharoitlar yomon edi, lekin tushundikmi, shunday joylardan ham futbolchilar chiqarkan. U yerda men bilan hozir futbol o‘ynayotganlardan Umar Eshmurodov, Kenja To‘rayevlar shug‘ullangan. O‘sha vaqtlar Muborakda Bahrom Vafoyev nomli musobaqa bo‘lardi. O‘sha yerga borib ikkinchi o‘rinni olganmiz. Musobaqadan keyin «Mash'al» akademiyasidan qiziqish bo‘lgan va shu tariqa akademiya safiga borib qo‘shildim.

«Chempionlik uchun bir million so‘m olganmiz»

Akademiyadagi birinchi murabbiyim Dilshod Andayev bo‘lgan. Professional futbolchi bo‘lishimda Dilshod akaning xizmati katta. Keyin Vali Keldiyev bilan ham ishlaganmiz. Akademiyadan meni «Mash'al» o‘rinbosarlar jamoasiga chaqirishgan. O‘sha vaqtda o‘rinbosarlarda Xomyakov murabbiy edi. O‘rinbosarlar safida yurganimda 16 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempionatida o‘ynab, g‘olib bo‘lganmiz. Bu unutilmas xotira bo‘lgan. Inshaalloh bu haqda farzandlarimiz, nabiralarimizga ham aytib beramiz.