Ta'lim tizimida o‘qitiladigan fanlarni optimizatsiya qilish rejasiga muvofiq, OTMlardagi o‘quv dasturlarida tarix fani, umumiy o‘rta ta'lim maktablarida esa ona tili fani soatlari qisqartirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov bunga munosabat bildirar ekan, OTMlarda tarix soatlarini qisqartirilishini qo‘llab-quvvatlashi, ammo maktablarda ona tili darslari kamayishiga qarshi ekanini aytdi.
«Oliy ta'limda tarix fanining qisqartirilishi masalasida. OTMga tarbiyalab bo‘lingan inson biron sohaning mutaxassisi bo‘lish uchun keladi. U injyener, vrach, arxitektor yoki pedagog bo‘lish uchun o‘qish maqsadida OTMni tanlaydi. Bu jarayonda u o‘zi tanlagan sohani puxta o‘rganish bilan shug‘ullanishi kerak. Afsus, biz bu bosqichda ham uni tarbiyalashda davom etamiz.
Uni vatanparvar, ma'naviyatli va intizomli inson sifatida shakllantirish vazifasini bajara olmagan maktablarning chala ishini davom ettirish uchun, talabaning mutaxassisligiga aloqasi bo‘lmagan, keraksiz fanlar bilan vaqtini olamiz. Menimcha, bu noto‘g‘ri.
Oliy ta'limda talabalar butun vaqtini sohasini o‘rganishga sarflashi kerak. Oliy ta'lim diplomi qo‘lida bo‘lgan inson o‘z sohasining mutaxassisi sifatida tayyor bo‘lishi kerak. Afsus, hozir bu masalada yetarlicha muammolar bor.
OTMlarimizni bir-ikkita qobiliyatlilarini hisobga olmaganda til bilmaydigan tarjimonlar, xuquqni tushunmaydigan xuquqshunoslar, tarbiyani tushunmaydigan pedagoglar va millatini tushunmaydigan elchilar bitirib chiqayotganini ko‘rib turibmiz.
Lekin umumta'lim maktablarida ona tili fanini qisqartirilishi jiddiy xato. Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov to‘g‘ri aytdi, biz bugun maktablarni ona tilida yozish va so‘zlashni bilmaydigan bolalar bitirayotganini ko‘ryapmiz.
Maktabda inson nafaqat ta'lim oladi, balki tarbiyalanadi ham.
Birinchi sinfdan boshlab so‘nggi sinfgacha bola bilimli bo‘lishdan tashqari vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiladigan, o‘zligidan faxrlanadigan, millatidan g‘ururlanadigan inson bo‘lishiga ham erishish kerak.















