Qozog‘istondagi «noma'lum» zotiljam koronavirusning yangi shakli bo‘lishi mumkin - JSST
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qozog‘istonda avj olayotgan “noma'lum” zotiljam koronavirusning yangi shakli bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Deutsche Welle nashriga tayanib Tengrinews.kz xabar berdi.
JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Maykl Rayanning ta'kidlashicha, “noma'lum” zotiljam bilan bog‘liq holatlar “noto‘g‘ri tashxislangan” bo‘lishi mumkin.
“Qozog‘istonda zotiljamning tushuntirib bo‘lmas avj olishi, ehtimol, koronavirusning (COVID-19) yangi shakli bo‘lishi mumkin. U, ehtimol, shunchaki noto‘g‘ri tashxislangan bo‘lishi mumkin”, deb aytgan Rayan.
Uning aytishicha, JSST Qozog‘iston idoralari bilan birgalikda zotiljamga chalingan bemorlarning rentgen suratlarini koronavirusga mos kelishini aniqlash maqsadida o‘rganmoqda. “Sog‘liqni saqlash idoralari noto‘g‘ri o‘tkazilgan tahlillar yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun o‘tkazilgan tahlillar va ularning sifatini tekshirmoqda”, deb qo‘shimcha qilgan JSST vakili.
Avvalroq Xitoy ommaviy axborot vositalari Qozog‘istonda koronavirusdan ham qirg‘inbarotroq “noma'lum zotiljam” avj olayotganidan ogohlantirgan.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligida ushbu ma'lumot ishonchsizligi va haqiqatga mos kelmasligi bilan izoh berilgan.
10 iyulda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumat yig‘ilishida qozog‘istonliklarning “noma'lum” zotiljamdan vafot etayotganlaridan xavotir bildirgan. U bu vaziyatni “favqulodda” deb atagan. U sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoydan bu haqida ma'lumot berishni so‘ragan. To‘qayev bu qanday zotiljamligi, u umuman bor-yo‘qligi va undan o‘lim darajasi qandayligi bilan qiziqqan.
Bunga javoban Tsoy kasallik bo‘yicha statistik ma'lumotlarni keltirib o‘tgan. Uning ma'lum qilishicha, 2020 yilning 1-yarmida 98546 ta, 2019 yilning shu davri davomida esa 63436 ta zotiljam holati qayd etilgan. So‘ngra u kasallikdan o‘lim darajasi bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim qilgan. Tsoyning ta'kidlashicha, 2020 yilning 1-yarmida zotiljamdan 1772 nafar, 2019 yilning shu davrida 1780 nafar qozog‘istonlik vafot etgan. Biroq 2020 yil iyunida zotiljamdan 628 ta, 2019 yil iyunida esa 274 ta o‘lim qayd etilgan. Ya'ni 2020 iyun oyida zotiljamdan o‘lim darajasi 2,3 barobarga ko‘paygan.
Bundan tashqari, Tsoyning ta'kidlashicha, 1 iyuldan 8 iyulgacha 56809 ta zotiljam holati qayd etilgan. “Ya'ni bir hafta ichida keskin o‘sish qayd qilingan”, deb ta'kidlab o‘tgan Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri.
“Bu qanday zotiljam? Uning tabiati qanday?”, deb so‘ragan shunda Qozog‘iston prezidenti Tsoydan.
Vazirning ta'kidlashicha, qayd qilingan kasallik holatlari orasida 7348 tasi virusli, 9759 tasi bakterial tabiatga ega, ya'ni bu odatiy zotiljamdir. “Biroq koronavirusga o‘xshash kechuvchi aniqlashtirilmagan zotiljam holatlari ham bor, ular 39702 tani tashkil qilmoqda”, deb ma'lum qilgan Tsoy.
Uning aytishicha, bunday zotiljam qayd qilingan bemorlarda koronavirus tahlili manfiy chiqqan. Biroq shunga qaramay, ularda kasallik kechishi COVID-19’nikiga o‘xshash.
Mavzuga oid
22:27 / 25.12.2024
Mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik aviahalokatlar sanab o‘tildi
21:32 / 25.12.2024
Azerbaijan Airlines samolyotining Qozog‘istondagi halokatida 38 kishi vafot etdi
23:10 / 23.12.2024
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:57 / 23.12.2024