AQShda koronavirusga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksina odamlarda kuchli immun javob hosil qildi
AQShning Moderna kompaniyasi koronavirusga qarshi ishlab chiqayotgan mRNA-1273 vaksinasi odamlarda sinovdan o‘tkazilishining 1-bosqichida barcha ishtirokchilarda kuchli immun javob hosil qildi. Tadqiqot natijalari New England Journal of Medicine nashrida e'lon qilingan.
Sinovlarda 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 45 kishi ishtirok etgan. Ular 15 kishidan qilib uch guruhga bo‘lingan. Ularga mos ravishda vaksinadan 25, 100 va 250 mikrogramm miqdorda kiritilgan. Olimlarning ta'kidlashicha, vaksinaning bir dozasi kiritilgandan keyinoq koronavirusdan himoyalashda muhim bo‘lgan ba'zi antitanalar ishlab chiqilgan. Biroq 4 haftadan keyin ikkinchi doza kiritilishi talab qilingan va shundan keyin barcha ishtirokchilarda kuchli immun javob hosil bo‘lgan.
Moderna ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirusga eng kuchli immunitet vaksinadan 250 mikrogramm olgan ishtirokchilarda hosil bo‘lgan. Bu immunitet koronavirusdan sog‘ayganlarnikidan ham bir necha barobar kuchli bo‘lgan.
“1-bosqich ma'lumotlari mRNA-1273 bilan emlash barcha dozalarda barqaror immun javobni hosil qilganini ko‘rsatmoqda va sinovlarning 3-bosqichi uchun optimal doza sifatida 100 mkgni tanlashni qo‘llab-quvvatlaydi”, deb aytgan kompaniya vakili Tal Zaks. Kompaniyada ta'kidlanishicha, vaksina, shuningdek, xavfsiz ekanini namoyish qilgan.
Ta'kidlanishicha, 100 mkg dozada vaksina kiritilgandan keyin eng ko‘p qayd qilingan ikkilamchi belgilar orasida toliqish, bosh va mushaklar og‘rig‘i bo‘lgan. Bu belgilar yengil yoki o‘rta darajada paydo bo‘lib, tezda o‘tib ketgan.
Moderna 18 may kuni vaksinaning klinik sinovlari 1-bosqichi yakunlanganini ma'lum qilgandi. Uning sinovlari bir guruh ko‘ngillilarda aprelda boshlangan. Vaksina dastlabki bosqichda xavfsiz ekanini va asoratlarsiz o‘zlashtirilishini ko‘rsatgan. Kompaniya sinovlarning yakuniy bosqichini 27 iyulda boshlamoqchi. Bu sinovlarda 87 joyda jami 30 mingga yaqin ko‘ngilli ishtirok etadi. Har bir ishtirokchi 100 mikrogrammdan vaksina oladi, 29 kundan keyin emlash yana bir bor takrorlanadi. Ba'zi ishtirokchilarga taqqoslash uchun 2 doza platsebo kiritiladi.
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024
JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi
00:00 / 06.09.2024