— Mana 2-3 yildirki, Sergelidagi avtomobillar bozori ko‘chirilishi haqida turli gap-so‘zlarni eshityapmiz. Bu safargi xabarlar haqqoniymi, ya'ni bu masalada va yakuniy muddatlar bo‘yicha aniq to‘xtamga kelindimi?
— Bu mish-mish emas, tarqalgan xabarning asosi bor. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Zangiota va Sergeli tumanlariga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar hamda Sergeli tumanida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu masala ko‘tarilgan.
Ushbu tashrif davomida Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri hokimliklariga «Iste'molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori» MChJ (ya'ni avtobozor)ni ko‘chirish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.
Ammo bu bugun yoki ertaga bozor ko‘chiriladi, degani emas. Avval tegishli taklif-loyiha ishlab chiqiladi. Mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilib, barcha loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanganidan keyingina qurilish ishlari boshlanadi.
Yangi, zamonaviy bozor qurib bitkazilganidan keyin esa ko‘chirish masalasini ko‘tarish mumkin. O‘sha paytda hozirgi avtobozorda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha tadbirkorlarga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish obektlari va boshqalar taqdim etiladi. Hech bir tadbirkor ko‘chada qolib ketmaydi.
Xususiy savdo do‘konlari egalariga qonunda belgilangan tartibda kompensatsiya pullari to‘lab beriladi. Biroq buning muddatlari va tartibi haqida gapirishga hali erta.
— Bu bozor Sergeli tumani va Toshkent shahri budjetiga salmoqli hissa qo‘shadi. Viloyat hududiga ko‘chirilganidan so‘ng ham u poytaxt boshqaruvida qoladimi? Soliqlar qaysi hududga to‘lanadi?
— Haqiqatan xam bu bozor mahalliy budjetga salmoqli hissa qo‘shadi. Bundan keyin ham bu jarayon davom etadi. Faqat shu paytgacha soliq ko‘rinishidagi tushumlar bir cho‘ntakka tushgan bo‘lsa, keyin ikkinchi cho‘ntakka tushadi xolos. Umumiy olganda respublika budjetiga tushumlar o‘zgarmaydi. Aksincha, yangi bozor kengayishi hisobiga tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi va budjetga soliq ko‘rinishida qo‘shimcha daromad tushishi ortadi.
— Albatta, poytaxtning gavjum tumanidagi tig‘izlikni kamaytirish uchun bozorni ko‘chirish rejasi o‘rinli. Lekin uzoqqa qatnash noqulayligi onlayn bozorlar rivojlanishiga, buning ortidan yig‘imlar kamayishiga sabab bo‘lmaydimi, loyiha xufiyona iqtisodiyotga sababchi bo‘lib qolmaydimi?
















