#FootWeek loyihasining oxirgi sonida Farg‘onaning «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Abdusamad Do‘rmonov bilan suhbatning bir qismini e'lon qilgandik. Bugun e'tiboringizga «Neftchi»ning sobiq yulduzi va hozirgi murabbiyi bilan suhbatning to‘liq ko‘rinishini taqdim etamiz.

«Neftchi»ga kelish

Suhbat avvalida Do‘rmonov «Neftchi»ga qanday kelib qolgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, jamoaga Yuriy Sarkisyan taklif qilgan: «1992 yil Yuriy Vazgenovich Sarkisyan meni «Neftchi»ga taklif qilgan. Kelgan vaqtimda har yili fevralda hokim kubogi o‘tkazilardi. U vaqtlar bu musobaqaga kuchli jamoalar kelardi: «Paxtakor», «Pomir» (Dushanbe) Rossiya klublari. Kelgan kunim o‘yin bor edi. Sarkisyan menga tayyormisan, deb qoldi. Shunday qilib o‘sha kunning o‘zida maydonga tushib o‘ynadim. Adashmasam, «Pomir» bilan o‘yin edi, 0:2 yutqazdik. O‘yindan keyin murabbiy baqirib ketdi va mag‘lubiyatdan jahli chiqayotganini ko‘rib hayron qoldim. Axir bu qishda o‘tayotgan o‘rtoqlik turniri bo‘lsa... Qayerga kelib qoldim, deb o‘yladim.

Abdusamad Do‘rmonov

Keyin yigitlardan doim shunaqa bo‘ladimi, deb so‘radim. Ular doim mag‘lubiyatdan keyin shunday bo‘lishini aytishdi. Shunda bildimki, bu jamoada doim g‘alaba uchun maydonga tushish kerak, o‘rtoqlik o‘yinida ham, chempionatda ham. Murabbiy o‘yinlardan keyin meni chaqirdi va doim g‘alaba uchun o‘ynashni tushuntirdi. O‘shanda 26 yoshda edim va to‘g‘risi jamoaga oson kirishib ketdim.

Tez moslashib ketishimning yana bir sababi sharoitning yaxshiligi edi. klubda hamma narsa vaqtida bo‘lardi. Oilalimisan, senga kvartira berilardi. Bazada ham sharoitlar yaxshi. 2-3 kishi qolsa ham oshxona ishlardi. Futbolga bo‘lgan bunday munosabat menga yoqdi. Albatta, «Neftchi»da qolishimning asosiy sababi Sarkisyan bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, u muzaffar murabbiy edi. Shu-shu «Neftchi»da qolib ketdim».

«Bu o‘yinlar uchun chog‘lanish ham kerak emasdi»

Suhbatdoshimizning aytishicha, «Paxtakor» va «Navbahor»ga qarshi o‘yinlarda chog‘lanish ham kerak bo‘lmagan va har bir futbolchining o‘zi qanday katta o‘yinda maydonga tushayotganini his qilib harakat qilgan: «Bu o‘yinlarga alohida chog‘lanish ham kerak emasdi. Hamma o‘zi o‘yinning darajasini his qilardi. Maydonda jang bo‘lardi. «Paxtakor» mamlakatning eng kuchli jamoasi edi, ular bilan o‘yin ham qiyin kechardi, lekin «Navbahor» bilan o‘yinlar... Maydonda haqiqiy jang bo‘lardi. Namanganda 40 ming muxlis, bizda ham 20 mingdan ortiq muxlis. U vaqtda muxlislar ham boshqacha edi.