Kun.uz saytida fuqarolar Ziyodaxon va Fotima Musaxo‘jayevalarning  omonatda saqlashga berilgan pullari “Turonbank”ning Zangiota filiali tomonidan qaytarilmay kelayotgani haqida maqola e'lon qilingandi.

Mazkur masala yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpulatov olib borilayotgan ijro harakatlari haqida ma'lumot berdi.

Majburiy ijro byurosi Zangiota tuman bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 2019 yil 10 iyundagi 2-1104-1803/13121-sonli ijro varaqasiga asosan qarzdor ATB “Turonbank” Zangiota filialidan undiruvchi Z.K.Musaxodjayeva foydasiga jami 426.462.937 so‘m va undiruvchi F.X.Musaxodjayeva foydasiga jami 426.462.937 so‘m xamda davlat foydasiga 33.054.280 so‘m davlat boji undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati 2019 yil 19 avgustda bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan.

Mazkur ijro hujjati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuning 23-moddasiga asosan “ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risi”da qaror chiqarilib tomonlarga yuborilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdorning nomidagi mol-mulklarni aniqlash maqsadida “MIB portal” elektron dasturi orqali so‘rovnomalar yuborilgan va olingan ma'lumotlarga asosan avtotransport vositalari aniqlangan. Qarzdor ATB “Turon bank” Zangiota filialining balansida bo‘lgan 10 ta avtotransport vositalariga nisbatan davlat ijrochisining qaroriga asosan qidiruv e'lon qiliib, ijrosini ta'minlash IIBB YXXB organlari zimmasiga yuklatilgan.

Ijro harakatlari davomida 2019 yil 25 oktabr kuni ATB “Turon bank” Zangiota filialining barcha hisob raqamlari to‘g‘risida ma'lumotlar olinib, shu kuni hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomalari yuborilgan.

Qidiruv natijalariga ko‘ra 2019 yil 12 noyabr kuni qarzdorga tegishli 3 ta avtotransport vositalari xatlanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan va vaqtinchalik saqlashlik uchun ATB “Turon bank” Zangiota filialining xodimi J.Z.Yuldashevga JKning 232-moddasi bilan ogohlantirilgan holda topshirilgan.

Shuningdek, majburiy ijro harakatlari davomida 2019 yil 11 noyabr kuni ATB “Turon bank” Zangiota filialining barcha hisob raqamlariga band solish to‘g‘risida qarori va inkasso topshiriqnomalari yuborilgan.