Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridan murojaat kelib tushdi. Unda dorixona egalaridan biri tomonidan karantin vaqtida barcha dorixona rahbarlari 16 iyul kuni ertalab soat 8:00da majlisga chaqirilgani aytilgan.

Murojaatga Termiz shahar soliq inspeksiyasi profilaktika bo‘limidan murojaat ham ilova qilingan: «Assalomu alaykum hurmatli tadbirkorlar. Bugun soat 08:00da shahar hokimiyatida yig‘ilish bor. Shunga qatnashishlaringiz talab qilinadi. Oldindan rahmat», deyilgan talabnoma-murojaatda.

Biz chindan ham shunday yig‘ilish tashkillashtirilgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun Termiz shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Abdumannon Saidmalikovga qo‘ng‘iroq qildik.

Uning ma'lum qilishicha, shu kuni ertalab soat 8:00da chindan ham shunday yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishga Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev, shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev va sektor rahbarlari boshchilik qilgan.

Ma'lum qilinishicha, tadbir shahar dorixonalariga dori vositalarini yetkazish, dori-darmonlar narxining sun'iy ravishda ko‘tarilib ketishining oldini olish, aholini sifatli dori-darmon bilan uzluksiz ta'minlashda tadbirkorlarga kredit masalasida amaliy yordam berish maqsadida o‘tkazilgan.

Endi qarang: koronavirus pandemiyasi sharoitida xavfsizlik maqsadida turli majlis-u yig‘ilishlarga barham berish kerakligi haqida bot-bot takrorlanmoqda.

Prezident ham hududlar hokimlariga karantin paytida joylarda barcha darajadagi yig‘ilishlar va majlisbozliklarga chek qo‘yish talabini qo‘ygan, barcha tashkilotlarda masofaviy ish tizimiga o‘tilishi tavsiya qilingan edi.

Shunga qaramasdan joylarda bunday majlislar tashkillashtirilayotgani tadbirkorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Tushunamiz, dolzarb masalalar bor, topshiriqlar berilmoqda, ijro va nazorat kerak. Lekin shuni yuzma-yuz jonli tarzda amalga oshirish shart emas-ku? Qolaversa, Termiz shahri aloqa vositalari hali yetarli tarzda rivojlanmagan chetdagi bir shahar emas, viloyat markazi!

Aytaylik, shu majlisni ZOOM orqali o‘tkazish mumkin edimi? Albatta mumkin edi! Boz ustiga, karantinda ayni vaqti. Uzoqdan misol keltirib o‘tirmaymiz: viloyat hokimi To‘ra Bobolov xalq deputatlari Angor va Qiziriq tuman kengashlarning sessiyasida ZOOM orqali ishtirok etdi.