«Qadrli yurtdoshlar! Jizzax viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkablashib, kasallanish darajasi kundan kunga oshib bormoqda. Bir kun davomida 10 nafargacha bo‘lgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlanyapti.

Viloyatdagi 6ta davolash profilaktik muassasalarida jami 340 nafar bemor tibbiy nazoratga olingan bo‘lib, ulardan 104 nafarida koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ulardan 60 nafari sog‘aygan, 41 nafari davolanmoqda. Qolgan 236 nafar koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar malakali tibbiy xodimlar tomonidan davolanmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlarning 17 nafari og‘ir va 3 nafari o‘ta og‘ir holatda.

Viloyatda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq fuqarolarning murojaatlariga Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Jizzax viloyat filialida koll-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur markazga malakali tibbiyot xodimlari jalb qilinib, (72) 226-32-03, (72) 226-25-98 telefon raqamlari orqali kunlik 200-220 nafar fuqarolarning murojaati yuzasidan tegishli maslahat va tavsiyalar berib borilyapti.

Viloyatda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va viloyat OITS markazi laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasiga tekshirish (PsR test sinovlari) o‘tkazilmoqda. Bugungi kunga qadar fuqarolardan 47 ming 595ta test sinovlari olindi. Bir kunda o‘rtacha 1400-1500 test sinovlari olinmoqda. Covid-19’ga chalingan bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanyapti. Mazkur markazda bemorlarni davolash uchun 155ta o‘rin-joy (koyka) tashkil qilingan. Bundan tashqari, vaqtinchalik tashkil etilgan gospitallarda bemorlarga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Viloyatda bugungi kunda Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash uchun 7ta tibbiyot muassasasida 741ta o‘rin tashkil etilib, to‘liq karavot va kerakli jihozlar bilan ta'minlangan.

Viloyatda faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalarini zarur dori-darmon bilan ta'minlash maqsadida joriy yilning olti oyi davomida, jami 43 mlrd 485,7 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.

Viloyat aholisini zarur dori-darmon vositalari bilan o‘z vaqtida va maqbul narxlarda ta'minlash maqsadida viloyat hokimligining 2020 yil 16 iyuldagi farmoyishiga asosan mahalliy budjetning daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 2,0 mlrd. so‘m mablag‘ «Jizzax dori-darmon» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berildi.

Tibbiy me'yorlarga asosan joriy yil yakuniga qadar aholi iste'moli uchun 48,6 ming tonna kartoshka, 22,4 ming tonna piyoz, 17,2 ming tonna sabzi, 11 tonna guruch, 97 ming tonna un va non mahsulotlari, 21,3 ming tonna mol va qo‘y go‘shti, 52,7 ming tonna sut mahsulotlari, 10,9 ming tonna baliq, 234,1 mln. dona tuxum talab qilinishi hisob-kitob qilindi.