Davlat test markazi ijtimoiy tarmoqlarda kirish imtihonlarining katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi koronavirus infeksiyasining ko‘proq tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi.

«Hammaga ma'lumki, test sinovlarining katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi boshlanishi bilan test sinovlari adolatli va shaffof bo‘lishiga erishildi. Test sinovlari 2017 yilgacha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy ta'lim muassasalari, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari binolarida kichik auditoriyalarda o‘tkazilar edi. Bunda test sinovlarini Davlat test markazi tomonidan to‘liq nazorat qilish imkoniyati yo‘qligi har xil korrupsion holatlarga olib kelardi.

2018 yildan esa yangi tizimga o‘tilib, test sinovlari katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translatsiya qilingan holda o‘tkazila boshlandi», - deb yozmoqda Davlat test markazi.

DTMga ko‘ra, 2018 yildan joriy etilgan tizimda binolar soni oldingidek ko‘p bo‘lmagani uchun har bir binoda Davlat test markazi xodimi test sinovlariga umumiy rahbarlik qilmoqda va bu test sinovlarining adolatli o‘tishiga yordam bermoqda.

Bundan tashqari, binolarga kirishda shaxsni identifikatsiyalash vositalari va videofiksatsiya qurilmalaridan ham foydalanilmoqda.

«2020 yilda ham test sinovlarini katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translatsiya qilingan holda o‘tkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Buning uchun alohida talablar ishlab chiqildi:

-        test sinovi o‘tkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;

-        har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta'minlanadi;

-        test sinovlari o‘tkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;

-        binoga kirishdan oldin abituriyentlar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkaziladi;

-        ularning tana harorati o‘lchanib, har bir abituriyent alohida yangi tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta'minlanadi;

-        test sinovi o‘tkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 37 darajadan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;