Olimlar 100 yil davomida izlangan metall yemiruvchi bakteriyani tasodifan topib olishdi
Olimlar bir asrdan ko‘proq vaqt mobaynida mavjud deb bilingan, ammo mavjudligi isbotlanmagan metall yeyuvchi bakteriyalarni tasodifan topib olishdi. Bakteriya Kaliforniya texnologiya instituti (Caltech)da bo‘rga o‘xshash marganets turi bilan o‘tkazilayotgan bir tajriba paytida topilgan.
CNN xabariga ko‘ra, doktor Jared Lidbetter eksperimentdan keyin marganets yuqi tekkan bankani suv bilan to‘ldirgan va bir necha oydan keyin talabalar shaharchasiga qaytib kelganida idish qop-qora modda bilan qoplanganini ko‘rgan.
«O‘sha kun «Bu nima?» deb o‘z-o‘zimga savol berdim. Bu uzoq vaqtdan beri qidirilayotgan mikroblar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Buni aniqlash uchun muntazam ravishda sinovlar o‘tkazdik», dedi Doktor Lidbetter matbuot anjumanida.
Tadqiqotchilar keyinchalik ushbu qora moddaning oksidlangan marganets ekanligini va u katta ehtimol bilan musluk suvidagi bakteriyalar tufayli paydo bo‘lganini aniqlashdi.
Doktor Liderbetter «Bu jonzotlarning yer osti suvlarida qarindoshlari borligi haqida dalillar mavjud», dedi va ular yashaydigan Pasadena shahri suvlarining bir qismi yer osti suvi ekanini aytdi.
Tadqiqot natijalari Nature Journal’da e'lon qilindi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu marganetsni energiya manbayi sifatida ishlatadigan birinchi bakteriyadir.
«Tabiatdagi mikroblarning ajoyib xususiyatlaridan biri shundaki, ular o‘z energiyalarini g‘ayrioddiy moddalardan olishlari mumkin», dedi Lidbetter.
Yangi tadqiqot ushbu bakteriyalarning karbonat angidridni biomassaga aylantiradigan kimyosintez uchun marganetssdan foydalanishini aniqladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu ixtiro ularga marganetsoksidi mavjud yer osti suvlari va suv tizimlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Doktor Lidbetterning aytishicha, atrof-muhit muhandisligida ichimlik suvi tarmoqlarining marganetsoksidi bilan to‘lib qolishiga oid ko‘plab adabiyotlar mavjud. Ammo ularning qanday paydo bo‘lishi sirligicha qolayotgandi. Ko‘plab olimlar bu holatga marganetsni energiya manbayi sifatida ishlatadigan bakteriyalar sabab bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishgan, ammo hozirgacha bu borada dalillar yo‘q edi.
Olimlarning ta'kidlashicha, ushbu ixtiro yordamida dengiz tubidagi greyfurt hajmidagi «marganets tugunlari» deb nomlanuvchi metall to‘plarning siri ham ochilishi mumkin. Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, ushbu to‘plar tarkibida noyob metallar mavjudligi sababli ular okean tubidan topib, olib chiqiladi.
Mavzuga oid
21:24
Olimlar bakteriyalardan yangi antibiotik yaratdi
14:21 / 21.10.2024
Bakteriyalar kuchli antibiotiklarga chidamli bo‘lib boryapti. Bu nimaga olib boradi?
11:43 / 01.10.2024
Olimlar og‘izdagi bakteriyalar bilan bosh va bo‘yin saratoni o‘rtasida bog‘liqlikni aniqladi
15:29 / 17.09.2024