Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aholiga murojaat qilib, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.
«Butun dunyoga tarqalgan koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Xorazm viloyatida ham so‘nggi vaqtlarda epidemiologik vaziyatning og‘irlashishi, kasallar sonining oshishi bizni tashvishga solmoqda», - deb so‘z boshladi viloyat rahbari.
https://ok.ru/videoembed/1589722548927
Bemorlar soni haqida
«Bugungi kunda viloyatda 1053 nafar inson koronavirus yuqtirib olganlikda gumonlanib, karantinga olingan. Shundan 277 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 18 fuqaroda koronavirus aniqlangan. Albatta bu jarayon hammani tashvishga solmoqda».
Call-markaz haqida
«Hozirgi vaqtda Urganch davlat universitetida call-markaz tashkil qilindi, unga 22ta tashkilotdan mutaxassis biriktirildi, 10ta telefon raqami sutkasiga 24 soat davomida ishlamoqda».
Tez tibbiy yordam mashinalari va mobil guruhlar haqida
«Fuqarolarning murojaatlari kundan kunga ko‘payishi aniq. Viloyatda 145ta tez tibbiy yordam mashinasi bor edi. 20 iyuldan yana 20ta yangi mashina olinadi va ishga tushiriladi.
Shuningdek, kasallik alomatlarisiz uyida davolanayotgan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun viloyat miqyosida 52ta mobil guruh tashkil qilindi».
Koronavirusga test topshirish haqida
«Viloyat fuqarolari barcha tumanlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida (SEOM) koronavirusga test topshirishi mumkin. Shuningdek, OITSga qarshi kurash markazi, Sud tibbiy ekspertizasi, Nano-diagnostika xususiy muassasalarida ham test topshirish imkoniyatlari bor».
Shifoxonalardagi o‘rinlar soni haqida
«Hozirgi kunda viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Endokrinologiya dispanseri, Nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialidagi gospitalda koronavirusga gumonlangan va yuqtirib olgan bemorlar davolanmoqda. Shuningdek, tumanlardagi shifoxonalarning yuqumli kasalliklar bo‘limida ham bemorlarni davolash imkoniyati bor.
Bugungi kunda viloyatimiz miqyosida 1180 bemorni qabul qilish imkoniyati bor. Hozir o‘rinlar sonini 3000taga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda».















