Jahon | 15:10 / 21.07.2020
37826
2 daqiqa o‘qiladi

Amurdagi isyon ko‘targan o‘zbekistonlik ishchilarning 11 nafari qo‘lga olindi

Amurdagi gazni qayta ishlash zavodi quruvchilari orasida 13 iyul kuni yuz bergan ommaviy tartibsizlik oqibatida 11 nafar zavod ishchisi Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi xabar bergan.

Foto: Videodan kadr

Ma'lumotga ko‘ra, 11 nafar ishchiga nisbatan RF Jinoyat kodeksining 212 moddasida nazarda tutilgan band bilan («ommaviy tartibsizlikda ishtirok etish») jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyat ishi doirasida olib borilayotgan o‘rganishlarda tergov guruhi tomonidan pudratchi tashkilot mol-mulki va qurilish kompleksining yashash hududida savdo obektlariga zarar yetgani ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, korxona buxgalteriya hisoblari, ishchilar uchun hordiq chiqarish sharoiti o‘rganildi. Bundan tashqari, ish beruvchi vakillari xodimlari maosh tayinlash va haqlarini to‘lash tartibi haqida savollarga javob bergan», - deyiladi tergov ma'lumotida.

Tergov qo‘mitasining aniqlashtirishicha, ishchilarga o‘z vaqtida maosh berish kabi masala surishtiruv davomida aniqlanmadi. Yuzaga kelgan mojaroga esa xodimlarning mehnat patenti uchun to‘lovlarni qoplash manbasi borasida kelishmovchilikdan keyin kelib chiqqan.

Ta'kidlanishicha, 11 nafar qo‘lga olingan ishchi ayni paytda tergov izolyatorida saqlanmoqda. Norozilik aksiyasida faol bo‘lgan boshqa ishchilarga nisbatan javobgarlik masalasi endi o‘rganiladi.

Mavzuga oid