Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlangandan beri 14,5 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan, 611 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Oksford vaksinasi
Oksford universiteti AstraZeneca kompaniyasi bilan birgalikda ChAdOx1 nomi ostida ishlab chiqayotgan vaksinasi hech bo‘lmaganda qisman samarali ekanligi to‘g‘risida bayonot berdi. 

ChAdOx1 nCoV-19 vaksinasi misli ko‘rilmagan tezlikda ishlab chiqilmoqda. Uning asosi shimpanzelarda odatiy shamollashni keltirib chiqaradigan virusdir. Bu genetik jihatdan shunday o‘zgartirilganki, organizm uni 19-nCoV virusi uchun qabul qiladi. 

1077 kishi ishtirok etgan klinik tadqiqotlar natijasida vaksina tanada koronavirusga antitanalar ishlab chiqarilishiga turtki bo‘lishi tasdiqlandi, deyiladi bayonotda.

Immun tizimi nuqtayi nazaridan vaksina Covid-19 virusiga o‘xshaydi, shuning uchun ham emlangan odam tanasi vaksina tarkibidagi virus xavfsiz bo‘lganiga qaramay antitanalar ishlab chiqarishni boshlaydi.

Britaniya hukumati hozirgacha yuz million dozadagi vaksinaga buyurtma berib bo‘lgan. Unga Rossiyaning ham qiziqishi ortmoqda. Ikki kun avval «R-farm» rus kompaniyasi agar ishlanma muvaffaqiyatli bo‘lsa, uning Rossiya bozori va boshqa ko‘plab davlatlarga yetkazilib berilishi uchun ishlab chiqarishning bir qismini o‘z zimmasiga olishi haqida e'lon qilgandi.

Oksford vaksinasidan tashqari, hukumat umid bog‘langan yana boshqa turdagi vaksinalarning 90 million dozasi yetkazib berilishi uchun BioNtech, Pfizer va Velneva kabi kompaniyalar bilan shartnoma imzolagan.

Gap ikki preparat haqida ketmoqda. Virusning genetik kod parchasidan foydalanilgan vaksinani ishlab chiqayotgan BioNtech va Pfizer alyansi 30 million dozaga buyurtma olgan, deaktiv virusga asoslangan vaksina ustida ishlayotgan Valneva'ga yana 60 million doza buyurtma berilgan.

Britaniya hukumati turli prinsiplar asosida ishlaydigan vaksinalarga sarmoya kiritib muvaffaqiyat ehtimolini oshirishga harakat qilmoqda. 

«Istiqbolli variantlarning ko‘pligi shuni ko‘rsatadiki, tadqiqotlar misli ko‘rilmagan tezlikda olib borilmoqda», dedi koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha davlat ishchi guruhining raisi Keyt Bingem shartnomalar imzolanishini sharhlash jarayonida. U shuningdek dasturlarga juda katta umid bog‘lamaslikka chaqirdi.