«Zidan – Yaratganning bizga bergan marhamatidir. Odamlar u haqida istalgancha gapirishlari mumkin, ammo biz u bilan sovrinlarni yutishda davom etamiz». Bu «Real» prezidenti Florentino Peresning chempionlik qo‘lga kiritilgach aytgan dastlabki fikrlari bo‘ldi. Darhaqiqat, Madrid klubining o‘z tarixidagi 34-chempionlik sovrinini qo‘lga kiritishida fransuzning hissasi katta. Quyida «Real»ning chempionlik kurashida «Barsa»dan qanday ustun kelgani va Zidan jamoada nimalarni o‘zgartira olganini tahlil qilib ko‘ramiz.

Zidan – top murabbiy

Ko‘pchilik haligacha Zidanning murabbiylik faoliyatiga munosib baho bermaydi. Ayniqsa, uning Madriddagi dastlabki faoliyatida erishgan misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlari ko‘proq Krishtianu Ronaldu fenomeni va o‘sha paytdagi barqaror tajribali tarkib bilan eslanadi. Aslida esa Zineddin yoshlar bilan ham ishlay oladigan ajoyib taktik ekanligini bu yil ham isbotlay oldi. Misol uchun, 21 yoshli Federiko Valverde yoki 20 yoshli Vinisius ham bu yilgi chempionlik uchun muhim o‘rin tutishdi.

Zidan o‘tgan yilgi o‘tish davridagi muvaffaqiyatsizliklarni yengib o‘tib, pandemiyadan keyin La Ligada 10 o‘yindan iborat ajoyib g‘alabali seriyani taqdim etib, sovringa erishdi. Yilning eng muhim ikki to‘qnashuvi - «El-Klasiko»da «Barsa»dan jami 4 ochko tortib oldi.

«Real» qanday qilib hammadan kuchliroq chiqdi?

2019/20 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, Madrid jamoasi quyidagi sabablar bilan boshqalardan kuchli ekanligini ko‘rsata oldi.

1. Karim Benzemaning yangi roli

Ronalduning «Real»ni tark etishidan eng ko‘p yutgan aynan Benzema bo‘ldi. U jamoaning eng yaxshi goleadoriga aylandi – La Ligada 21ta gol. Bundan ham muhimroq yana bir jihati Karim o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan klubning eng yaxshi assistenti bo‘ldi – 8ta golli uzatma.

Jamoaning hujumlarini tashkil etish, zarbalar va uzatmalarning samaradorligini qayd etib boruvchi xGChain hisoboti bo‘yicha ham fransiyalik hujumchi jamoada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega – 31,38. Avvalgi yillarda bu borada yetakchilik Ronalduda edi.

Benzemaning joriy mavsumda eng ko‘p zarba yo‘llagan nuqtalari

2. Qanotlardagi o‘zaro bog‘liqlik

Ushbu suratda «Real» futbolchilarining «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindagi eng ko‘p harakat qilgan nuqtalari ko‘rsatilgan. Ko‘rinib turibdiki, eng faol zonalar (qizil) qanotlarda joylashgan.