Ana shunday fuqarolardan biri Mavluda Muxtorova tahririyatga murojaat qildi.

«Tinchgina yashab turgan uyimizni quruvchi buzib tashlaganiga uch yil bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, u ikki yil ichida oldimizdagi maydonda uy qurib bitkazishi va ungacha bizga ijara uyda yashashimiz uchun oylik to‘lov berib borishi kerak edi. Shu vaqtgacha uy ham bitmadi, besh oydirki ijara uchun belgilangan to‘lovni ham bermay kelmoqda. Qayerdan uy topsak, ijara haqini topib berolmaganimizdan keyin ko‘p o‘tmay haydalamiz, nevara-yu bola chaqamiz bilan ko‘chada qolamiz. Mana, hozir turgan uyimizdan ham ertaga bizni chiqarib uyni qulflashadi. Zo‘ravonlik shu darajadaki, o‘z haqimizni talab qilib borsak «qayerga borsang bor» deb haydab solishadi», deyiladi murojaatda.

O‘zi aslida uy-joy fuqaroning xususiy mulki ekani, ko‘p qavatli uy solish uchun avval bu yerdagi uy-joy egalari bilan kelishish va bu kelishuvga amal qilish sodda va oddiygina qoida. Ammo bu hududdagi bir necha oila ana shu eng oddiy huquqlaridan ham mosuvo. Ular o‘z uyi bo‘la turib, bugun ko‘chama-ko‘cha sarson.

Shartnoma o‘z vaqtida bajarilmadi, endilikda ijara haqi ham yo‘q, Mavluda Muxtorova, uning farzandi, kelini va nevaralari uyiga qaytib kelay desa mana bu ahvol:

Bu uyni «Mevazor ravnaq savdo» mas'uliyati cheklangan jamiyati qurilish korxonasi ofis qurish maqsadida buzib tashlagan. Shu vaqtgacha tegishli idoralar bu holatga jiddiy e'tibor qaratmagan, qaratsa-da jiddiy  chora belgilamagan ko‘rinadi. Chunki huquqi buzilgan bu fuqarolarning ahvolini ko‘rib turibsiz.

Aholining uylarini buzib tashlab, vaqtida ko‘p qavatli uy qura olmagan «Mevazor ravnaq savdo» mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillarining fikrini tinglamoqchi bo‘ldik. Ammo mazkur korxonaning bu yerdagi ko‘p qavatli uy qurish huquqi boshqa korxona — «Samarqand siti LTD» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga o‘tgan ekan. Ammo huquqiy voris — yangi korxona uy egalarini mutlaqo qoniqtirmaydigan yangi shartnoma taklif qilgan. Qiziq holat shuki, bu yerda haqiqiy uy egalari emas, joyni sotib olayotgan quruvchi aholiga shart qo‘ymoqda. Taklif qilinayotgan yangi shartnomada esa xonadon egalariga 2021 yilda uy o‘rniga uy berilishi yozib qo‘yilgan. Yanayam qizig‘i, ungacha bu oilalarning yashab turishi uchun ijara haqi ham nazarda tutilmagan. Ungacha, yosh bolasi bilan oilaning qayerda yashashi hech kimni qiziqtirmayapti.

Murojaatchining ma'lum qilishicha, shu yil ularning arizasiga binoan hokimlik vakillari kelib, ko‘chada qolgan oilalar bilan uchrashgan. Quruvchiga 15 kunda muammoga yechim topish topshirig‘i berilgan. Ammo bu gaplar ham eski buzilgan uy xarobalari orasiga singib, yo‘q bo‘lib ketgan...