O‘zbekiston | 09:40 / 25.07.2020
17321
4 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovi jo‘natildi

Ayrim tumanlarda “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan aynan bir xil toifadagi boshqa fuqarolar qolgan tumanlarda boshqa mezonlarga tayanib, “temir daftar”ga kiritilmay qolganligi aniqlandi. 

2020 yil 15-25 iyun kunlari Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini ta'minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini atroflicha o‘rganib, tahlil qildilar, deyiladi parlament saytida.

Qayd etilishicha, mazkur o‘rganish jarayonlarida kambag‘allik tushunchasini, uni hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniqlash metodologiyasi va mezonlari, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan aniq mexanizmlarning mavjud emasligi joylarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini himoyalashda turlicha yondashuvlarni keltirib chiqarayotgani ma'lum bo‘ldi. Bu tegishli aholi guruhlari bilan amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi past darajada qolishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘rganishlar davomida ayrim tumanlarda “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan aynan bir xil toifadagi boshqa fuqarolar qolgan tumanlarda boshqa mezonlarga tayanib, “temir daftar”ga kiritilmay qolganligi aniqlandi. Bu kabi har xil yondashuvlar joylarda murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, deputatlar tomonidan bu boradagi asl holat joylarga chiqib o‘rganilganda, haqiqatda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar “temir daftar”ga kirmay qolganligi ma'lum bo‘ldi. Bir qator tumanlarda aholi xonadonlarida o‘tkazilgan muloqotlar chog‘ida muhtoj oilalarga ajratilgan subsidiyalarga ehtiyoj amaldagidan yuqori ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, o‘rganishlarda ayrim hududlarda kambag‘allikni aniqlash, aholining kambag‘al qatlamini har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zaxirani shakllantirish hamda mavjud resurslar taqsimotida tuman (shahar)lar, sektorlar va hatto, mahallalar kesimida ham sezilarli tafovutlar yuzaga kelgani aniqlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy holati o‘zaro yaqin bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashda bir oilaga bir turdagi ko‘mak ko‘rsatilgan bo‘lsa, xuddi shunday boshqa oila bir vaqtning o‘zida bir necha turdagi ko‘mak bilan qo‘llab-quvvatlanganligi bu jarayonda inson omilining ta'siri katta bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.

Deputatlar tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar mobaynida aniqlangan bu kabi holatlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati darajasidan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va bu borada aniq dasturni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga «Kambag‘allik darajasini aniqlash mezonlarini, ijtimoiy ta'minotning minimal standartlari va me'yoriy asoslarini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Qarorda asosiy e'tibor mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirishda samaradorlik va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va baholash usullarining ishlab chiqilishi muddatlari va yangi metodologiyada xalqaro me'yorlar qay darajada o‘z aksini topishi masalalariga qaratildi, deyiladi ma'lumotda. 

Mavzuga oid