O‘zbekiston | 09:36 / 30.07.2020
45343
6 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya vaqtida kasal bo‘lmaslik uchun nimalarga e'tibor berish kerak? Xalq tabobati mutaxassisi bilan suhbat

Pandemiya davrida xalq tabobatining o‘rni qanday? Qanday shifobaxsh vositalar bugungi kunda asqotishi mumkin? Ana shunday savollarga javob olish uchun Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov bilan suhbat uyushtirdik.

– Ro‘zimuhammad Abduqahhorovich, bugungi tahlikali kunlarda pandemiya sharoitida inson kasal bo‘lmaslik uchun nimalarga e'tibor qilishi kerak?

– Odamlar orasida eng xavfli kasallik bu – farosatsizlikdir deydi shayxurrais Abu Ali ibn Sino. Bilib-bilmay dorixonalardan har xil dori vositalarini sotib olib iste'mol qilishni bas qilish shart. Doringiz ovqat bo‘lsin, ovqatingiz dori.

To‘rt fasli to‘kis bo‘lgan O‘zbekistonda hozir yoz, ayni pishiqchilik payti. Sarxil mevalar turli vitamin va minerallarga boydir. Shular bilan oziqlaning. Pishirilgan ovqatni bir kunda bir marta iste'mol qiling, chunki mamlakatimizda hukm surayotgan havo harorati shuni taqozo qiladi.

O‘z tana haroratingizdan past bo‘lgan sovuq suv ichmang, iloji bo‘lsa faqat qaynatilgan yoki qaynatib sovutilgan suv iching. Gazli va rangli ichimliklarni mutlaqo iste'mol qilmang, shunga odatlaning.

Hakimlar ittifoq bo‘lib aytishlaricha, har bir odam o‘z mizojini yaxshi bilishi lozim. Aks holda, o‘ziga kasallik orttirib olishi mumkin. Sodda qilib aytganda, mizoj issiq va sovuq bo‘ladi. Mizoj sovushi uch xil – sekin sovish, o‘rtacha sovush va tez sovush. Uchinchisi o‘ta xatarli. Odam chanqab, isib ketgan paytlarda, odatda, chanqovbosdi sovuq ichimliklar ichishi odat tusiga kirgan. Me'yorni bilmay, tanani kuchli sovitsa, ya'ni muzxonada saqlangan ichimliklarni iste'mol qilsa, uning salbiy oqibatlari o‘zini kuttirib qo‘ymaydi. Har qanday virusning rivojlanishiga sharoit yaratib beradi. Bunga misol keltirishim shart emas, deb o‘ylayman.

Men bularni shunchaki ermak uchun aytayotganim yo‘q. Har gal umrning zavoli bo‘lgan muzqaymoq yalayotgan bola-baqrani, muzxonalarga ichimlik qo‘yib ichayotgan odamlarni ko‘rganimda... Afsuski, har bir odamni qo‘lidan tutib, qaytarishning iloji yo‘q-da. Hamma ham aytganlarimizni to‘g‘ri qabul qilavermaydi.

– Sohangiz ilmidan kelib chiqib, yurtdoshlarimizga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Xalq tabobati inson salomatligi uchun badantarbiya naqadar muhimligini qayta-qayta ta'kidlaydi. Hozirgi zamonda odamlar deyarli piyoda yurishmaydi, ayniqsa shaharlarda jismoniy ish juda kam. Aksiga olib odamlar yaxshi ovqatlanishadi, ovqat turlari ikki-uch barobar ko‘paydi. Ya'ni yemak-ichmak bisyor, biroq ularning kuchini sarf qilish juda kamaydi. Bu esa kasallikning xilini ham, sonini ham ko‘paytiradi, albatta.

Binobarin, endilikda odamlar badantarbiya bilan har doimdagidan ham ko‘proq shug‘ullanishlari shart. Qo‘pol bo‘lsa ham, aytishga majburman, qorinning kattaligi bu kasallik, illat. Homilador ayollar bundan mustasno albatta. Payg‘ambarimiz (s.a.v) «Qorni kattalar bizdan emas» deganlaridan uyalmay qo‘ydik. Axir, ibodatning yaxshi bo‘lishi ham badan salomatligiga bog‘liqligini unutmasligimiz kerak.

Hakimlar ittifoq bo‘lib deydilarki, inson kasal bo‘lmasligi uchun me'yorida va undan ham kamroq ovqat yeyishi kerak. Me'yorni bilish uchun nafsni tiyish kerak.

– Xalq tabobatida koronavirusning davosi bormi? Qanday ne'matlar bu kasallikka qarshi kurashishimizda yordam beradi?

Albatta, davosi bor. Davosi bo‘lmaganda shuncha odam bu illatdan shifo toparmidi? Tibbiyotda «davosi yo‘q» deb odamlar ko‘ngliga tahlika solish, bu – ham dunyoviy, ham diniy nuqtayi nazardan noto‘g‘ri deb hisoblayman. Rasul alayhissalomning: «O‘limdan boshqa har bir dard uchun davo bor» degan so‘zlarini unutmasligimiz lozim.

Insonning tanasi har qanday kasallikka qarshi, avvalambor, o‘zi kurashadi, biz unga faqat zaruriy ozuqalarni yetkazib berishimiz lozim.

Xalq tabobatida ular talaygina. Masalan, asal, qovoq, qovun, yalpiz, ukrop, piyoz, sarimsoq, turp, guruch, qora sedana, anjir, yong‘oq, uzum, behi... Bu meva va sabzavotlarning bari xalq tabobatida dori hisoblanadi. Ularning shifobaxshligini sanab o‘tirishga hojat yo‘q deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, kasalliklarni davolashda tabibga ham ko‘p narsa bog‘liq. Tabibning qo‘li em bo‘lmasa, quruq «texnika» – qirqish, yamash, kesish, sanchish, o‘lchashlar bilangina ish bitmaydi. Aksariyat tabiblik ham nasldan naslga, avloddan avlodga, qondan qonga o‘tadigan ilohiy bir karomatdir.

Ayni paytda, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasiga a'zo bo‘lgan karomatli tabiblar yurtimizda talaygina. Bugun ular ham sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobatining rasmiy tan olingan usullarini qo‘llash orqali aholi salomatligini asrashda o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganini e'tirof etish joiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid