
Avstraliyaning Viktoriya shtati kasallik avj olishi fonida qat'iy karantin joriy etgan - so‘nggi bir kunda bu yerda 671ta yangi holat qayd etilgan.
Shtat markazi Melburnda ehtiyotkorlik choralarining 4-darajasi e'lon qilingan, unga ko‘ra shahar aholisiga uyni faqat oziq-ovqat xarid qilish uchun tark etishga ruxsat beriladi, shuningdek, sport bilan shug‘ullanish mumkin, bunda uydan 5 kilometrdan ortiq masofada uzoqlashmaslik kerak bo‘ladi.
Bu cheklovlar kamida 6 hafta davomida amalda bo‘ladi. Shtat bosh vaziri Deniyel Endryusning izohlashicha, shifokorlar kasallik tasdiqlangan 760 kishining virusni yuqtirib olish manbasini aniqlay olmagan.
Endryusning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq joriy etilgan karantin choralari yetarli natija keltirmagan. «Biz qat'iyroq harakatlanishimiz zarur. Bu kasallikni yengib o‘tishning yagona chorasi», - degan u.
«Manbasi aniqlanmagan holatlar» qanday paydo bo‘lmoqda?
Ekspertlarni «manbasi aniqlanmagan holatlar» tushunchasi tashvishga solmoqda - bunda yangi bemorni hukumatga ma'lum bo‘lgan kasallik o‘chog‘i bilan bog‘lab bo‘lmaydi yoki uning koronavirus tashuvchilari bilan aloqasi tasdiqlanmaydi.

Aynan shu omil infeksiya tarqalishini jilovlashni murakkablashtirmoqda va hukumatni nisbatan qat'iyroq cheklov choralari joriy qilishga undamoqda. Ayni vaqtda Melburndagi holatlarning yarmidan ko‘prog‘ida kasallik zanjirini aniqlab bo‘lmagan.
7,5 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan Hongkong bahorda qat'iy karantinsiz ham kasallik keng tarqalishining oldini ololgandi, ammo iyulda bu shaharda virus avj ola boshladi - bu yerda ham ko‘pchilik holatlarning yuqtirish manbasini aniqlab bo‘lmadi.
Natijada hukumat darhol maktablarni ta'tilga chiqardi, barlarni, fitnes-klublarni va plyajlarni yopdi; jamoat joyida 4 kishidan ko‘p bo‘lib yig‘ilish taqiqlandi, tibbiy niqob taqmaganlik uchun yirik jarimalar qo‘llana boshlandi.
Hozirgacha pandemiyadan nisbatan kam jabr ko‘rgan davlatlardan bo‘lib kelayotgan Yaponiyada ham kasallik keng tarqala boshladi. Bloomberg Law ma'lumotiga ko‘ra, «manbasi aniq bo‘lmagan» kasallanish holatlari iyun oyi o‘rtalarida jami holatlarning 19 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu raqam 51 foizga yetgan. Ammo Yaponiya hukumati do‘konlar va muassasalar binolarini yopishga shoshilmayapti, faqat aholidan ijtimoiy masofaga qat'iy rioya etish so‘ralmoqda.

















