Qo‘shko‘pir tumani, Qatag‘on qishlog‘ining «Arablar» mahallasi, Sputnik shaharchasining «Taraqqiyot» mahallasi aholisi va shu hududda faoliyat yuritayotgan bir qancha fermerlar ekinlarni sug‘orish uchun suv yo‘qligidan shikoyat qilishdi.

Ikkita mahalla hududidan o‘tuvchi «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida 3 yildan beri suv tanqis. Natijada, dehqonchilik qilish, chorvachilik va baliqchilik bilan shug‘ullanish tobora imkonsiz bo‘lib bormoqda. Odamlar tomorqadan foydalanishda, sabzavot yetishtirishda, bog‘ qilishda qiynalishmoqda. Katta mablag‘ sarflab yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik faoliyati ham so‘roq ostida turibdi.

Erkin Ro‘zimov el-yurt dasturxonini baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish, o‘zi ham daromad olish maqsadida «Ro‘zimov Abdulla» fermer xo‘jaligini tashkil qilib, yaxshi niyatda ish boshlagan tadbirkorlardan biri. Ammo suvsizlik muammosi fermerning ishini barbod qilib, qarzga botirib yuborgan.

«4,5 gektar yer olib, baliqchilik sohasi bo‘yicha ish boshladim. Shundan 3 gektarini hovuz uchun qazdirdim, tayyorladim. Ish boshlaganimda «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv bo‘larmikan, degan hadik bor edi. Ammo rahbarlar suv bo‘lishiga ishontirishdi, va'dalar berishdi. Afsuski, 2020 yilda kanaldan bir chelak ham suv kelmadi. Natijada, atigi 0,1 gektar yerda suv qoldi, xolos. Ko‘lga qo‘yib yuborilgan baliqchalarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldi. Qarzga botib ketdim. Kuzda mendan baliq mahsulotini topshirish rejasi so‘raladi. Uni qanday bajaraman?», deb kuyundi Erkin aka.

«Zohidjon Qo‘shko‘pir» oilaviy korxonasi rahbari Zohidjon Nurmetov juda katta mablag‘ sarflab qilayotgan tadbirkorlik faoliyati xavf ostida turgani, qurg‘oqchilik tufayli mablag‘i va mehnati zoye ketishi mumkinligidan shikoyat qildi.

«Oilaviy korxonamiz go‘sht-sut yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi. «Arablar» mahallasi hududida katta fermamiz bor. Qaramog‘imizda Shveytsariyaning «Simmental» zotli 131 shartli bosh qoramol bor. Bu ishga o‘z mablag‘imdan 3,5 milliard so‘mni sarflaganman, yana shuncha miqdorda kredit olganman. Suvsizlik tufayli chorvamiz uchun yem-hashak yetishtirish muammoga aylanmoqda. «O‘ng tarmoq Qulobod» kanalida suv yo‘q, natijada ekinlarimiz suvsiz qolgan, qovjirab boryapti. Shikoyat qilmagan joyimiz qolmadi. Bunday sharoitda qanday tadbirkorlik qilish mumkin? Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar qo‘llab-quvvatlanmasa, bozorda go‘shtning narxi pasayarmidi?», dedi u.