Bugun shu tizimga oid yangiliklar haqida mehmonxona biznesiga ixtisoslashgan «Hotel Pro» kompaniyasi asoschisi, 35dan ortiq mehmonxonalar loyihasi muallifi, 16ta mehmonxonaning ishga tushirilish jarayonini tashkillashtirgan soha eksperti Dilshod Odilov bilan suhbatlashdik.

– Dilshodbek, mart oyida Kun.uz saytida siz va hamkasblaringiz bilan uyushtirilgan suhbatda pandemiya tufayli mehmonxona biznesi qisqa muddatda inqiroz holatiga kelib qolganini aytgandinglar. Ayni paytda vaziyat qanaqa, qanday imtiyozlar berildi?

– Haqiqatan ham o‘sha suhbatda mehmonxona biznesi pandemiya tufayli inqiroz yoqasiga kelib qolgani va davlat bu holatda yordam bermasa, vaziyat yomon bo‘lishi mumkinligini aytgan edik. Intervyudan ko‘p o‘tmay «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e'lon qilindi. Farmonga asosan, joylashtiruv vositalari yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan ozod qilindi. Avval 12 foiz bo‘lgan ijtimoiy soliq kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorda to‘lanadigan bo‘ldi.

May oyiga kelib, bosqichma-bosqich mehmonxonalarning ishlash shartlari shakllantirilib, ishlashga ruxsat etila boshladi. Mehmonxonalar ish faoliyatlarini davom ettirish uchun asosiy talablar sanitariya va gigiyena qoidalari bilan to‘ldirildi.

30 may kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni turizm va mehmonxona biznesiga katta yordam bo‘ldi deyish mumkin. Bu farmon bo‘yicha, «yashil» va «sariq» hududlarda ichki turizmga ruxsat berildi, chet eldan charter reyslar bilan olib kelinadigan fuqarolarni mehmonxonalarga joylashtirishga zamin yaratildi.

– Mehmonxonalardan biznesning boshqa yo‘nalishlarida foydalanish tendensiyasi bormi? Masalan, ofislar shaklida yoki uzoq muddatli turar-joy sifatida ijaraga berish kabi...

– Hozirgi kunda aksariyat mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmayapti. Lekin yer solig‘i, mulk solig‘idan ozod bo‘lgani sababli hamda ishchilariga mehnat ta'tili berilgani tufayli bu mehmonxonalarda zararlar minimallashtirilgan. Ba'zi mehmonxonalar esa chet eldan kelayotgan, karantinga olinayotganlar bilan ishlamoqda.

Ofis yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan mehmonxonalarni eshitmadik. Ofis sifatida ishlatishga talab ham yo‘q, chunki ko‘p tashkilotlar karantin davrida yo faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, ish hajmini kamaytirgan yoki onlayn ishlash tizimiga o‘tgan. Ko‘pchilik 1-2 oyda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarib qolishidan umid qilgan holda mehmonxonalarni boshqa maqsadda ishlatmay turibdi.