Janubiy Koreya chempionati yangi mavsumini K ligada boshlagan o‘zbekistonlik himoyachi Rustam Ashurmatov klubi «Kvanju» bilan debyutant sanalsa-da turnirda yomon taassurot qoldirmayapti. Kuni kecha Tribuna.uz muxbiri Rustam Ashurmatov bilan bog‘lanib, xorijdagi faoliyati, milliy jamoadagi kelajagi va qator mavzularda suhbatlashdi.

- Rustam, suhbatimizni oxirgi turda qizil kartochka olganingizdan boshlasak. Bu qanday sodir bo‘ldi? Umuman o‘zingizni qo‘pol o‘yinchi deb hisoblaysizmi?

- Oxirgi o‘yinimda hakam tomonidan ikki marta ogohlantirilganimdan keyin maydondan chetlatildim. Shunga qaramay, o‘zimni qo‘pol futbolchi deb hisoblamayman. Sababi oxirgi 12ta o‘yinimda umuman kartochkaga loyiq ko‘rilmagandim. Umuman olganda, bu qizil kartochka faoliyatimda birinchisi va umid qilamanki oxirgisi bo‘lib qoladi. Himoyachi ekanligim bois kartochka bo‘lishi tabiiy, deb o‘ylayman.

- Koreya chempionati pandemiya holatida boshlangan dastlabki ligalardan biri bo‘ldi. Bunday sharoitda chempionatda joriy qilingan juda ko‘p yangi qoidalarga amal qilish oson bo‘lmagandir?

- To‘g‘ri, Janubiy Koreya liga start olgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, maydondagi o‘yinlar davomida bu borada muammo bo‘lgani yo‘q, ammo maydon tashqarisida odatiy hayot emas, cheklovlar ko‘p ekanligi bois ehtiyot choralariga qat'iy amal qilishga intilayapmiz.

- Klubingiz imkoniyatlari qay darajada? Qo‘yilgan vazifalar uddalanadimi?

- Chempionat debyutanti ekanligimiz sababli eng avvalo ligada qolish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo hozirda 9-o‘rinda ekanligimiz bois, endi oldimizga kamida kuchli olti jamoa orasida bo‘lish maqsadi qo‘yilgan. Ammo bu oson bo‘lmaydi. Chunki faqat biz emas, yana 3-4 jamoa ham shu top-6likka kirishga imkoniyati bor. 1-5-o‘rindagi klublar boshqalardan uzoqlashgan bo‘lsa, 6-o‘rindan quyi o‘rinlargacha bo‘lgan klublarda oltilikdan joy olish imkoni bor.

- Koreya chempionatida to‘p surayotganingizga ikkinchi yili o‘tmoqda. O‘zingizga ma'qulmi? Umuman shartnomangiz qaysi yilgacha tuzilgan?

- Dastlabki mavsumda quyi ligada o‘ynab g‘olib bo‘lgandik, bu yil yuqori divizionda to‘p surayapman. Ligada kuchli legionerlar ancha ko‘p. Har turda saviyali futbolchilarga qarshi maydonga tushib, o‘yinchi sifatida o‘sishga erisha oldim deb hisoblayman. Lekin yanada o‘sish uchun kuchliroq chempionat va kuchliroq klublarga o‘tish niyatim ham bor. Ikki yillik shartnomam shu mavsum yakunida tugaydi. O‘shandan keyin klub bilan maslahatlashib, faoliyatimni qayerda davom ettirishimni aniqlab olaman.