Qurbon hayiti arafasida va bayramning ilk kunida – 30-31 iyul kunlari mazkur mablag‘lar «temir daftar»ga kiritilgan oilalarga tarqatib chiqildi.
Muxbirimiz Toshkentning Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida ajratilgan pul mablag‘lari kimlarga tarqatilgani, «temir daftar» qanday shakllantirilgani bilan qiziqib bir nechta mahallalarda bo‘ldi, fuqarolar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.
Shayxontohur tumani
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Shayxontohur tuman bo‘limining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, «Temir daftar»ga har bir sektor rahbari tomonidan muhtoj 2970ta oilaga ajratilgan 3 mlrd 564 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari har bir oilaga 1 million 200 ming so‘mdan yetkazilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ro‘yxatdagi oilalarning 784tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 22tasi kam ta'minlangan, 348tasi pandemiya davrida daromadini yo‘qotgan, 506tasi uy karantiniga olingan oilalardir. Shuningdek, 816ta oilada nogironligi bo‘lganlar, 223ta oilada og‘ir kasallar, 266tasida ishsiz fuqarolar istiqomat qiladi. Yana 5ta oila besh va undan ko‘proq farzandni voyaga yetkazmoqda.
Dastlab tumanning Komolon darvoza mahallasida bo‘lib, mahalladagi yordamga muhtoj fuqarolar bilan suhbatlashdik. Karantin davrida daromadi uzilgan, qiynalib qolgan fuqarolar davlat tomonidan tarqatilgan pul mablag‘larini olgani, oziq-ovqat mahsulotlari ham berilganini ta'kidlashdi. Albatta, qiyin moliyaviy sharoitda bu yordam pullari ularga kutilmagan xursandchilik olib kelganini ham aytish joiz.

Ma'lum qilishlaricha, Komolon darvoza mahallasida 856ta oila bo‘lib, 4780 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 76 nafar yordamga muhtoj oilaga naqd pul ko‘rinishida 1 mln 200 ming so‘mlik pul mablag‘lari tarqatilgan.
Shuningdek, tumanning Yangiobod mahallasida ham bo‘ldik. Ushbu mahallada ham ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularga ro‘yxat asosida yordam pullari tarqatilgan.
Yordam pullarini olgan bir nechta oilalar xonadoniga borib, ular bilan suhbatlashdik, haqiqatan ham ehtiyojmand oilalar ekaniga guvoh bo‘ldik. Birida boquvchisi yo‘q, biri ko‘p farzandli, birida esa nogironligi bo‘lgan oila a'zosi bor. Ular tarqatilgan pul mablag‘larini olganidan mamnun ekanliklarini yashirishmadi.
















