Jahon | 00:00 / 12.08.2020
5630
2 daqiqa o‘qiladi

Kann shahrida otishma haqida tarqalgan yolg‘on xabar sababli 44 kishi jabrlandi 

Fransiyaning Kann shahridagi Kruazett xiyobonida otishma haqida tarqalgan yolg‘on xabar sababli yuzaga kelgan sarosima vaqtida 44 kishi jarohat oldi. Bu haqda Euronews telekanali xabar berdi.

Shahar meri David Lisnardning ta'kidlashicha, odamlar ichidan kimdir otishma boshlanganini aytib baqirgandan keyin to‘s-to‘polon boshlangan.  

“Kannda otishma ham, jangovar qiyofadagi telba ham bo‘lmagan. Faqat bir kishi “otishma” deb baqirgandan keyin sarosima boshlangan”, deb yozgan Lisnard Twitter’da. Uning ta'kidlashicha, bu jamiyatda jumladan koronavirus sababli paydo bo‘lgan tanglikdan darak beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videoyozuvlarda shahar ko‘chalari bo‘ylab yugurayotgan odamlar hamda ko‘chalarni patrullayotgan politsiyachilarni ko‘rish mumkin. Voqea guvohlarining ma'lumotlariga ko‘ra, olomon sarosimada Barrière le Majestic plyajidan oqib kela boshlagan va o‘z yo‘lida uchragan barcha narsani ostin-ustun qilgan. 

Ta'kidlanishicha, jabrlanuvchilar kichik jarohatlar olgan. Voqea oqibatlarini bartaraf etishda 83 nafar o‘t o‘chiruvchi ishtirok etgan.

Alpes-Maritimes prefekturasida ham otishma bo‘lmagani tasdiqlagan va hujum haqidagi xabarlar “yolg‘on” ekani aytilgan. Shu munosabat bilan prefektura ma'muriyati barchaga ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabar tarqatmaslik qanchalik muhim ekanini eslatib o‘tgan.  

Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, voqea vaqtida oxirgi oylar karantin sababli yuzaga kelgan umumiy tanglikdan tashqari, odamlarga 4 yil avval Nitssa shahri sohilbo‘yida sodir etilgan terakt haqidagi yodlar ham ta'sir qilgan. Nitssada 2016 yil 14 iyulda 31 yoshli terrorchi Muhammad Buhlol 19 tonnalik yuk mashinasida odamlar ustiga bostirib borgan edi. Buning oqibatida 86 kishi halok bo‘lgan, 308 kishi jarohat olgan.

Mavzuga oid