Topilgan tabiiy gaz zaxirasi haqida qanday tafsilotlar ma'lum?

«Fotih» burg‘ilash kemasi 2020 yil 20 iyuldan beri Zonguldakdan taxminan 170 kilometr narida joylashgan Tuna-1 tadqiqot qudug‘ida ishlayotgan edi.

Izlanishlar natijasida 2100 metr chuqurlikda 320 milliard kubometr tabiiy gaz zaxirasi topilgan.

Energiya va tabiiy manbalar vaziri Fatih Do‘nmez 500 metr chuqurlikdagi zaxira qatlami aniqlangani va seysmik izlanishlar davom etayotganini ta'kidladi.

«1000 metrdan chuqurlikka kirib boriladi. Seysmik ma'lumotlar yer tubida yana ikkita qatlam borligini ko‘rsatmoqda», dedi u.

Erdo‘g‘anning bayonotidan oldin, Reuters axborot agentligiga intervyu bergan turk amaldorlari mintaqada jami 800 milliard kubometr zaxira borligi taxmin qilinayotganini aytishgandi.

Izlanish ishlari olib boriladigan maydon 250 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bu mintaqada yangi quduqlarni ochish ham maqsad qilingan.

Energiya vaziri Do‘nmez topilgan tabiiy gazning sifati ham yuqori ekanligini aytdi.

Foto: Getty Images

Erdo‘g‘an o‘z nutqida nimalar dedi?

Prezident Erdo‘g‘an ilgari Qora dengizda xalqaro energiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ko‘plab qidiruv ishlari olib borilganini, ammo ular hech qanday natija bermaganini eslatdi.

«Biz o‘shanda bir necha sahifali hisobotlardan boshqa hech narsa ololmagandik» dedi u.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya milliy energiya va tog‘-kon siyosatini yangidan – eng boshidan belgilab olgani haqida gapirgan.

«Dengizdagi burg‘ilash kemalarimiz safiga 3ta burg‘ilash kemasini ham qo‘shdik. Biz bu sohada dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylandik. 3ta burg‘ilash va 2ta seysmik tadqiqot kemalarimizda o‘z texnikalarimiz va o‘z kadrlarimiz faoliyat olib bormoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Erdo‘g‘an energiya mustaqilligi muhimligini ta'kidladi.