O‘zbekiston | 13:58 / 24.08.2020
21732
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning eng ko‘p uchraydigan alomatlari foizlarda ma'lum qilindi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Nurullayeva fuqarolardan kelib tushgan navbatdagi savollarga javob berdi.

Murojaatlardan birida hozirgi vaqtda koronavirus infeksiyasining simptomlari o‘zgarayotgani ehtimoli haqida so‘ralgan.

Ma'lum qilinishicha, koronavirus infeksiyasida foizlar nisbatida olinsa, eng ko‘p quyidagi belgilar uchraydi:

  • 90 foiz holatlarda – tana harorati ko‘tarilishi;
  • 80 foiz holatda – yo‘tal (quruq yoki kam miqdorda balg‘am bilan);
  • 55 foiz holatda – hansirash; 
  • 44 foiz holatda – tez charchash;
  • 20 foizdan kam hollarda – ko‘krak qafasida noxushlik hissi;
  • mialgiya, hushning buzilishi, bosh og‘rishi, qon tupurish, diareya, ko‘ngil aynishi, qusish, yurak urib ketishi, tomoqda og‘riq, burun bitishi, hid va ta'm sezgisining pasayishi;
  • 2-11 foiz holatlarda – konyuktivit belgilari.

«Kasallanishning 6-8 kunlariga kelib hansirashning og‘irlashishi yuzaga keladi. Qariyalarda kasallik atipik ko‘rinishda ya'ni, harorat ko‘tarilishi, yo‘tal, hansirash kabi belgilarsiz kechishi mumkin.

Kuzatilishi mumkin bo‘lgan belgilarga deliriy, tushkunlik, holsizlik, kon'yunktivit, vasvasa, taxikardiya yoki AQBning pasayishi kiradi», dedi shtab a'zosi savolga javoban.

Murojaatlardan birida fuqaro koronavirusga qarshi hosil bo‘lgan antitanachalarni aniqlovchi diagnostika qimmatligidan shikoyat qilgan.

«Xususiy klinikalar antitanachalarni aniqlaydigan reaktivlarni o‘zlari sotib oladi va shundan kelib chiqib, narxlarni o‘zlari belgilaydi», dedi Nargiza Nurullayeva.

Shtab a'zosi infeksiya yuqtirganlar ko‘pligi, biroq statistikada e'lon qilinmasligi to‘g‘risidagi savolga ham javob berdi. Murojaatlardan birida fuqaro Sovid-19 bo‘yicha e'lon qilinadigan statistika qanchalik to‘g‘riligi haqida so‘rab, Surxondaryo viloyati bo‘yicha statistika umuman yo‘qligini, infeksiya yuqtirganlar ko‘pligi, lekin e'lon qilinmasligini aytgan.

«Koronavirusga chalingan bemorlarning soni har kuni ommaviy axborot vositalarda va SSV saytida viloyatlar kesimida e'lon qilinadi.

Bularning soni yashirilmaydi, faqat PZR testi orqali aniqlangan bemorlarning soni statistik ma'lumotlarga kiradi», dedi Nargiza Nurullayeva.

Yana bir murojaatchi shahar tibbiyot birlashmasi kardiologiya bo‘limida hamshira bo‘lib ishlashi, ish jarayonida koronavirus yuqtirib olganini aytib, shifoxona ma'muriyati tomonidan qanday imtiyoz berilishi haqida so‘ragan.

«Agar sizda faoliyat ko‘rsatadigan muassasaning qizil zonasida ishlash paytida PZR testi orqali koronavirus aniqlangan bo‘lsa, bu muammo bo‘yicha Moliya vazirligining ishonchli telefon raqamiga savol berib, imtiyozlar bo‘yicha javob olishingiz mumkin», dedi shtab a'zosi murojaatga javoban.

Mavzuga oid