O‘zbekiston | 15:41 / 27.08.2020
2194
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar o‘zi yashaydigan shahar yoki qishloqning bosh rejasi tasdiqlanishida ishtirok etadi 

Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tartibi hamda ularning yo‘nalishlari aniq belgilab beriladi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasini parlament quyi palatasining 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilish jarayonida deputatlar tomonidan bir qator moddalarni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirilgan edi. Ana shu takliflar asosida mas'ul qo‘mita tomonidan Kodeksning shaharsozlik normalari va qoidalari, Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi majburiyatlari kabi moddalari xalq vakillarining fikr-mulohazalari asosida maromiga yetkazildi.

Qonun loyihasidagi muhim yangiliklardan biri – aholi punktlari bosh rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik nazoratining joriy qilinayotgani. Endilikda fuqarolar o‘zi yashaydigan shahri yoki qishlog‘ining bosh rejasi tasdiqlanishida ishtirok etadi. Bu hududlarda ortiqcha sarf-xarajatlar, noqonuniy qurilmalar, yerlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirishlarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Deputatlarning ta'kidlashicha, Kodeksning yangi tahririni qabul qilish natijasida aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslari yaratilib, bu borada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi ta'minlanadi. Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish tartibi hamda ularning yo‘nalishlari aniq belgilab beriladi. Sohada jamoatchilikning keng ishtiroki ta'minlanishi atrof-muhit muhofazasi va insonlarning sog‘ligini asrashga zamin yaratib, eng maqbul va adolatli normalar qabul qilinishiga turtki beradi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va ma'qullash uchun Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan bo‘ldi, deyiladi parlament saytida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid