Nosir Otaqo‘ziyev: «Istiqlol» klubidan stadion ijarasi uchun 25 million berasan deyilgani yo‘q»

Farg‘ona shahridagi dastlabki manzilimiz «Istiqlol» stadioni bo‘ldi. Arena nomi bilan ataluvchi klubning texnik direktori Ruslan Xudoydotovning murojaati bo‘yicha dastlab Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev bilan uchrashdik.

«To‘g‘risini aytsam, «Istiqlol» klubi vakillarining avvalroq Kun.uz saytiga bergan intervyusini tomosha qilib, biroz hayratda qolgandim. Chunki klub rahbariyati «Istiqlol» stadioni har bir o‘yin uchun 25 million so‘m so‘ragani haqida gapirishgan. Aslida hech kim bu klubdan 25 million so‘m berishi kerakligini so‘ragani yo‘q. Xususan, «Istiqlol» klubi murabbiylari Sergey Lebedov va Anvar Berdiyev bilan «Neftchi»da birga to‘p surib, ular menga ustozlik qilishgan, bu stadiondagi mashg‘ulotlar yoki tashkiliy ishlar bo‘yicha doim maslahatlashishgan. Ammo shu kungacha bu klubdan Ruslan Ja'farovich yoki murabbiylar menga murojaat qilib, «Nosir, stadion bizdan har bir o‘yin uchun 25 million so‘m miqdordagi ijara puli so‘rayapti», deb aytganlari yo‘q. Bu haqda eshitmaganman.

O‘zi maydon bo‘yicha Farg‘ona viloyatida faqatgina «Istiqlol» klubida muammo bor. Pro ligadagi «Neftchi», «Turon», Superligada esa «Qo‘qon-1912» klublari o‘z stadionlariga egalar. «Istiqlol» klubiga stadionda mashg‘ulot o‘tash uchun ma'lum miqdordagi mablag‘ to‘lanishi shart, deb aytilgani yo‘q. Ruslan Ja'farovich intervyuda hokimlik haqida ham gapirgan ekanlar, aslida na viloyat hokimiyati, na hokim «stadionga kiritmanglar» deb gapirgani yo‘q. Ularning bunga umuman aloqalari yo‘q. Hozirgi vaziyatdan xabardor ekanligim uchun bu gaplar hayron qoldirdi.

 Klub stadiondan foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolamoqchi bo‘lsa ham, faqatgina shahar obodonlashtirish boshqarmasi bilan bir to‘xtamga kela olishi mumkin. Chunki o‘yingoh ularning balansida turibdi. Bilishimcha, shartnomada ijara miqdori 5-3 million so‘m atrofida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, stadion klubga o‘yindan bir kun oldin mashg‘ulot va ertasiga asosiy o‘yinni o‘tkazishga ruxsat beradi.

 Aslida mablag‘ so‘ralishi butun dunyoda bor narsa, har holda stadionda 80-100ga yaqin ishchi va xodimlar mehnat qiladi, ularga maosh berish kerak. Shu bois, aytaylik xususiy klubga stadionni tekinga taqdim etish degan narsa yo‘q. Eng asosiysi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro kelishib, o‘z o‘yinlarini bemalol shu stadionda o‘tkazishlari mumkin.