Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Karmanada undirilmagan mol-mulk va yer solig‘i 11 mlrd so‘mdan ortiqligi ma'lum qilindi
Bu haqda 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Navoiy viloyat Karmana tuman kengashining 12-sessiyasida tuman hokimi Faxriddin Umarov ma'lum qildi.
Sessiyada hokim tuman aholisining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ya'ni "temir daftar" bo‘yicha, shuningdek, budjet daromadlarini oshirish yuzasidan hududda qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ta'kidlanishicha, tumandagi 37 836 ta oiladan 2747 tasi "temir daftar"ga kiritilgan. Ularni ish bilan ta'minlash va tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida paxta va g‘alladan hosildorligi past bo‘lgani tufayli foydalanishdan chiqarilgan 2300 gektar ekin maydoni bog‘dorchilik, poliz ekinlari uchun, 149 gektar g‘alladan bo‘shagan ekin maydoni esa takroriy ekin uchun ehtiyojmand oilalarga ajratilgan.

Bundan tashqari, bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 165 nafar kambag‘al fuqaroga 478 million so‘m subsidiya ajratilib, issiqxonalar qurib berilgan. Bu kabi ishlar natijasida "temir daftar"ga kiritilgan mehnatga layoqatli 1247 nafar fuqaroning bandligi ta'minlangan.
Kun tartibida deputatlar tomonidan tumandagi maktablarda ta'lim jarayonini belgilash uchun ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga bag‘ishlangan masala ham ko‘rib chiqildi. Tuman hokimi o‘rinbosari Elyor Kenjayevning ma'lum qilishicha, o‘tkazilgan so‘rovnomada maktablar sentabr oyida ochilishiga 5125 nafar ota-ona qarshi bo‘lgan bo‘lsa, 13 528 nafar ota-ona rozilik bildirgan.

Ammo deputatlar tomonidan berilgan savol va takliflarga ko‘ra, o‘qituvchi hamda o‘quvchilarning xavfsizligini ta'minlash, maktablarda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida hali bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Xususan, ayrim maktablarda haligacha hatto qo‘l yuvish sharoitlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.
Ko‘rilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Sessiyada Oliy Majlis Senati a'zosi Ulug‘bek Fayziyev ishtirok etdi.
Mavzuga oid
18:42 / 05.06.2026
Navoiyda alimentdan qarzdor ota tandir ichidan topildi
15:03 / 04.05.2025
Navoiyda ikki nafar yoshlar yetakchisi YTH oqibatida halok bo‘ldi
18:50 / 16.03.2024
Navoiyda 4 oylik chaqalog‘ini sotishga uringan ayol qamaldi
07:33 / 10.04.2023